
Oliy ta’lim tizimida har bir o‘qituvchining kundalik hayoti deyarli bir xil kechadi: auditoriyadagi ma’ruzalar, soatlab davom etadigan seminarlar, talabalarning ishlarini tekshirish va tinimsiz izlanishlar. Ko‘pincha bu tig‘iz jarayon ichida inson o‘z mehnatining asl qiymatini, uning jahon ilm-fanidagi o‘rnini his qilmay qoladi. Milliy universitet arxeologiya yo‘nalishining nufuzli QS reytingiga kirishi fakultet ustozlariga eng kerakli va sof tuyg‘uni – o‘z kasbiga, mehnatiga bo‘lgan ishonchni quchaytirdi. Bu e’tirof doska qoshida turgan, arxivlarda eski hujatlarni titib umrini o‘tkazayotgan yoki jazirama cho‘lda qazishma olib borayotgan har bir o‘qituvchiga berilgan haqqoniy bahodir.
Endi o‘qituvchi o‘zining yillar davomida qilgan mehnati jahon ilmiy jamoatchiligi tomonidan kuzatilayotganini, tan olinayotganini anglab turadi. Bu har qanday balandparvoz maqtovdan ko‘ra kuchliroq ruhiy ozuqa bo‘lib, ustozlarni ertalab auditoriyaga butunlay boshqacha kayfiyat va mas’uliyat bilan kirib kelishiga sabab bo‘ladi.
Tabiiyki, kimdir bu faqatgina Arxeologiya va etnologiya kafedrasining shaxsiy g‘alabasi, deb o‘ylashi mumkin. Ammo ta’lim va ilm-fan shunday yaxlit tizimki, unda hech bir yo‘nalish yolg‘iz o‘zi rivojlanmaydi. Tarix fakultetiga kirgan talaba xalqaro darajadagi arxeolog bo‘lib yetishishi uchun unga kimdir qadimgi dunyo tarixini, kimdir davlatchilik asoslarini, yana kimdir tarixiy geografiyani o‘rgatishi kerak. Bugun dunyo tan olayotgan va iqtibos keltirayotgan tadqiqotlarning tag-ildizida fakultetdagi barcha kafedralarda shakllangan sog‘lom ilmiy muhit, kafedradagi o‘zaro bahs-munozaralar va umumiy talabchanlik yotibdi.
Demak, bu yutuq – tarixchidan tortib to arxivshunosgacha, butun Tarix fakulteti jamoasining ko‘p yillik hamjihatligining mevasidir. Arxeologiya bu o‘rinda fakultetning umumiy intellektual salohiyatini dunyoga olib chiqqan o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajardi.
Biroq, bu quvonchli xabar ortida fakultet jamoasini kutib turgan juda jiddiy sinov bor. Xalqaro reytinglar dunyosi shafqatsiz – u yerda bir marta erishilgan natija bilan maqtanib o‘tirish keskin pastlashga olib keladi. Kelgusi yillarda bu o‘rinni saqlab qolish va yanada yuqorilash uchun endi faqatgina bugungi harakatning o‘zi yetarli emas. Endilikda butun fakultet bir musht bo‘lib, yanada kuchliroq harakat qilishi shart. Manbashunos olimning tarjimasi arxeologning topilmasini to‘ldirishi, tarixchining chuqur tahlili esa unga siyosiy-ijtimoiy ma’no berishi kerak.
Ilmiy loyihalardagi bunday chinakam birdamlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashgina ushbu tarixiy marrani ushlab qolishga va Tarix fakultetini jahon ta’lim sahnasining doimiy, munosib ishtirokchisiga aylantirishga xizmat qiladi. Bu e’tirof fakultet uchun marra emas, balki yanada kuchliroq birlashish uchun chaqiriqdir.
Alisher MUMINOV,
Tarix fakulteti dekani