Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lash” shiori ostida keng ko‘lamli milliy qadriyatlar sayli o‘tkazildi.
Tadbirda universitet rahbariyati, jamoasi, mehmonlar, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar faol ishtirok etdilar. Universitet rektori Inom Madjidov barchani bayram bilan samimiy tabriklab, ezgu tilaklarini bildirdi.
Bayram ko‘tarinki kayfiyatda, rang-barang chiqishlar va milliy an’analar bilan boy tarzda tashkil etildi. Universitetga qarashli talabalar turar joylarida har bir fakultet o‘zlariga biriktirilgan viloyatlarning milliy urf-odatlari, qadriyatlari va an’analarini namoyish etdi. Talabalar hududlarga xos milliy liboslarda chiqish qilib, madaniy sahna ko‘rinishlarini taqdim etdilar. Jarayonlar hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.

Shu bilan birga, bayram doirasida turli sport musobaqalari ham tashkil etildi. Talabalar o‘rtasida milliy va zamonaviy sport turlari bo‘yicha qizg‘in bellashuvlar o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘z jismoniy tayyorgarligi va jamoaviy hamjihatligini namoyon etdilar. Ayniqsa, arqan tortish, milliy kurash va turli estafeta o‘yinlari bayramga yanada shukӯh bag‘ishlab, ishtirokchilar va tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, tadbir doirasida milliy taomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Har bir viloyatga xos taomlar mehmonlar e’tiboriga havola qilinib, talabalar ularning tarixi va tayyorlanish usullari haqida ham qiziqarli ma’lumotlar berdilar.

Bayramning eng qiziqarli qismlaridan biri osh chempionati bo‘ldi. Unda turli jamoalar o‘z mahoratlarini namoyish etib, o‘ziga xos resept va uslublar asosida osh tayyorladilar hamda hakamlar e’tiborini qozonishga intilishdi.
Mazkur qadriyatlar sayli yoshlar qalbida milliy an’analarga hurmat, milliy g‘urur va faxr tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.