
Bugun, 31-mart kuni Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Memorandum doirasida universitet olimlarini qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqish hamda ularni ilmiy ekspertizadan o‘tkazish jarayonlariga jalb etish, qonunchilik tashabbuslarini ilmiy asoslash, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etish, dolzarb masalalar yuzasidan qo‘shma tadbirlar tashkil etish, parlament eshituvlari va komissiya majlislarida ekspertlar ishtirokini ta’minlash rejalashtirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, mazkur hamkorlik qonun ijodkorligi samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi barqaror va uzviy hamkorlik platformasiga aylanadi.
O‘zMU Axborot xizmati