Bugun, 15-aprel kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Fizika fakultetida bitiruvchi talabalarning bandligini ta’minlashga qaratilgan “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Tadbirda Sanoat radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy texnik markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Fanlar akadeniyasi tarmoq institutlari kabi 20 dan ortiq davlat va xususiy sektor vakillari ishtirok etib, talabalarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, stajirovka imkoniyatlari hamda kasbiy faoliyatni boshlash shartlari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

Tadbur davomida Fizika fakulteti Umumiy fizika kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Fizik ixtirochilar” tanlovi o‘tkazilib, unda talabalar o‘z ixtiro va innovatsion g‘oyalari bilan ishtirok etdilar. Ishtirokchilar ishlari professor-o‘qituvchilar tomonidan baholandi.

Mazkur tadbir Shavkat Mirziyoevning 2026-yil 24-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, bitiruvchi yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni mehnat bozori talablariga mos ravishda tayyorlash hamda ish beruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.