Bugun, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Jahon adabiyoti” jurnali tahririyatida O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakultetida bitiruvchi talabalarining bitiruv malakaviy ishlari himoyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda professor-o‘qituvchilar, soha mutaxassislari, ilmiy rahbarlar hamda bitiruvchi talabalar ishtirok etdi. Yakuniy attestatsiya jarayoniga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Yig‘ilishlar va hududlarga tashriflar uchun tahliliy kontent tayyorlash departamenti boshlig‘i o‘rinbosari, professor Fatxiddin Muhiddinov raislik qildi.

Himoya davomida talabalar o‘zlari tanlagan mavzular bo‘yicha olib borgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini taqdim etib, mavzularning dolzarbligi, ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyatini asoslab berdilar. Bitiruv malakaviy ishlari jurnalistika, adabiyotshunoslik, tilshunoslik, media makoni, badiiy ijod va zamonaviy kommunikatsiya jarayonlari bilan bog‘liq dolzarb masalalarni qamrab oldi.
Komissiya a’zolari tomonidan har bir ishning nazariy va amaliy jihatlari atroflicha tahlil qilinib, talabalarga ilmiy izlanishlarni yanada takomillashtirish yuzasidan tavsiya va takliflar bildirildi. Himoya jarayonida talabalar mavzular yuzasidan berilgan savollarga asosli javoblar berib, o‘zlarining tahliliy fikrlash, mustaqil tadqiqot olib borish hamda kasbiy kompetensiyalarini namoyon etdilar.
Ta’kidlanganidek, bitiruv malakaviy ishlari talabalarning oliy ta’lim davomida egallagan nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazuvchi muhim bosqich hisoblanadi. Mazkur jarayon ularning kelgusidagi kasbiy faoliyati, ilmiy izlanishlari hamda ijodiy yutuqlari uchun mustahkam zamin yaratadi.
Tadbir yakunida bitiruvchilarning ilmiy izlanishlari munosib baholanib, ularga kelgusidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilandi.