O‘zbekistonning turli hududlaridan kelib tushgan 443 ta ekologik startap loyiha orasidan saralangan 87 ta eng istiqbolli tashabbus respublika final bosqichida o‘z imkoniyatlarini namoyish etdi. Tanlovning asosiy maqsadi — atrof-muhit muhofazasi, ekologik barqarorlik va innovatsion texnologiyalarni birlashtirgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Forum doirasida ekologik va texnologik yechimlar taqdimoti, davlat tashkilotlari, biznes vakillari, banklar, investorlar hamda soha ekspertlari ishtirokida ochiq muloqotlar tashkil etildi. Ishtirokchilarga innovatsion loyihalarni rivojlantirish va 100 million so‘mgacha grant mablag‘larini jalb etish imkoniyatlari haqida ham ma’lumot berildi.

Tanlovning respublika bosqichida O‘zbekiston Milliy universiteti Matematika fakulteti Mexanika va matematik modellashtirish yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Abdiyeva Rayxona Baxram qizi ham munosib ishtirok etib, g‘oliblar qatoridan joy oldi. Yosh tadqiqotchining ushbu natijasi O‘zMU talabalarining zamonaviy ilmiy-texnik va ekologik muammolarga innovatsion yondashuv bilan yechim izlayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, 14–18 hamda 19–30 yosh toifalarining har biridan 12 nafardan — jami 24 nafar ishtirokchi g‘olib deb topildi. Ularga innovatsion loyihalarini yanada takomillashtirish va amaliyotga joriy etish uchun moliyalashtirish mablag‘lari vaucherlari topshirildi.