O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasida 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “E’zozdasiz, ustozlar!” nomli ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri o‘tkazildi.

O‘zbek Milliy akademik drama teatrida tashkil etilgan ushbu shukuhli tadbirda universitet rahbariyati, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, olimlar, xodimlar hamda talaba-yoshlar va mehmonlar ishtirok etdi. Tantanali marosimni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Inom Madjidov kirish so‘zi bilan ochib, barcha fidoyi va zahmatkash ustozlarni bayram bilan tabrikladi.

Rektor o‘z nutqida oliygohning global ta’lim va ilm-fan maydonidagi nufuzi izchil oshib borayotganini, bu muvaffaqiyatlar ortida tajribali professor-o‘qituvchilarning bebaho mehnati va yuksak mas’uliyati mujassam ekanini ta’kidlab, ularga chuqur minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan strategik vazifalar universitet jamoasiga katta mas’uliyat yuklashini qayd etdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda Milliy universitetda ilmiy va pedagogik salohiyatni oshirish borasida salmoqli natijalarga erishilmoqda. Hozirgi kunda universitetda 10 nafar akademik, 240 nafardan ortiq fan doktori (DSc) va professorlar, 530 nafardan ortiq fan nomzodi hamda dotsentlar faoliyat olib boradi. Bundan tashqari, oliygohda “Xirsh” (h-index) indeksi 5 va undan yuqori bo‘lgan 70 nafardan ortiq olim va pedagoglarimiz bor. Quvonarlisi, 2026-yil sentabr holatiga ko‘ra, universitetning 100 nafar professor-o‘qituvchisi (shundan 20 nafari DSc va 80 nafari PhD) doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi.

Bayram tadbiri doirasida universitetning bir guruh faol professor-o‘qituvchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Rektor tabrigi hamda taqdirlash marosimidan so‘ng tomoshabinlar e’tiboriga “Behalovat koshona” nomli spektakl namoyish etildi. Teatr jamoasi tomonidan ijro etilgan ushbu spektakl ishtirokchilarga yuqori kayfiyat bag‘ishladi.

O‘zMU Axborot xizmati