O‘zbekiston Milliy universitetida o‘zbek tili va tilshunosligi masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi

Bugun Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 37 yilligi hamda “Birinchi o‘lka o‘zbek til va imlo qurultoyi”ning 105 yilligiga bag‘ishlangan “O‘zbek tili tadqiqi va ta’limi muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli anjuman O‘zMU Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakultetining O‘zbek tilshunosligi kafedrasi tomonidan tashkil etildi. Xalqaro anjuman offlayn hamda onlayn shakllarda o‘tkazilib, unda Turkiya, Qozog‘iston, Rossiya va Ozarbayjon kabi mamlakatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, xususan, Al-Farobiy nomidagi Qozoq Milliy universiteti, Qozon Federal universiteti, L.N.Gumilev nomidagi Yevro-Osiyo Milliy universiteti, Anqara universiteti, Firat universiteti, Nigde Omar Xolisdemir universiteti, Boku Slavyan davlat universiteti hamda “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkor sifatida ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori Yoqub Ergashov, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Tunis Hojiyev hamda fakultet dekani Muzaffar Chorshanbiyev tabrik so‘zi bilan chiqish qilib, davlat tilining nufuzini oshirish va uning ilm-fandagi o‘rnini mustahkamlashning strategik ahamiyatini ta’kidladilar.

Anjumanning yalpi majlisida va sho‘ba yig‘ilishlarida sohaning yetakchi olimlari hamda xorijlik xalqaro ekspertlar tomonidan o‘zbek tilshunosligi va turkologiyaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Xususan, til, imlo va alifbo masalalari, turkiy tillar mushtarakligi, o‘zbek tili tarixi taraqqiyoti, amaliy tilshunoslik va zamonaviy yo‘nalishlar hamda o‘zbek tilini chet tili sifatida o‘qitish metodikasi kabi yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilindi. Anjuman yakunida o‘zbek tilining ilmiy tadqiqi va ta’limi rivojiga hissa qo‘shadigan hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada kengaytiradigan ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.