O‘zMUda BMT Bosh Assambleyasining imitatsion modeli tashkil etildi

O‘zbekiston Milliy universiteti Siyosatshunoslik kafedrasi tashabbusi bilan talabalar ishtirokida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 81-sessiyasiga bag‘ishlangan imitatsion model tashkil etildi.
Tadbir davomida talabalar dunyoning yetakchi davlatlari vakillari sifatida ishtirok etib, xalqaro munosabatlar, global muammolar va ularning yechimlari, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda inson huquqlarini himoya qilish kabi dolzarb masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Mazkur loyiha talabalarning siyosiy tafakkurini rivojlantirish, xalqaro jarayonlarni tahlil qilish, muammolarga nisbatan mustaqil pozitsiyani shakllantirish hamda ularning yechimlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, bunday amaliy mashg‘ulotlar yoshlarda notiqlik, muzokara olib borish, jamoa bilan ishlash va o‘z fikrini asoslab berish qobiliyatlarini rivojlantirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.


Tadbir yakunida Siyosatshunoslik kafedrasi professori Komolliddin Mirzarahimov bunday tashabbuslarning yosh mutaxassislarni tayyorlashdagi ahamiyatini ta’kidlab, kelgusida ushbu loyihani boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etish rejalashtirilayotganini qayd etdi. Bu esa talabalar o‘rtasida tajriba almashish, akademik hamkorlikni kengaytirish va xalqaro munosabatlar sohasiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.

Tadbir so‘ngida faol ishtirok etgan talabalar universitet rahbariyati tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.