O‘zbekiston Milliy banki aksiyadorlik jamiyati vakillari ishtirokida talabalarning bandligini ta’minlash, ularni mehnat bozoriga tayyorlash hamda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida uchrashuv tashkil etildi. Mazkur uchrashuv “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida o‘tkazildi.
Tadbir davomida “O‘zmilliybank” AJ huzuridagi “Kelajakka qadam” markazi direktori o‘rinbosari Behruz Ostonov va markazning bosh mutaxassisi Azimjon Ilhomov talabalar bilan ochiq muloqot olib borishdi. Ular yosh mutaxassislar uchun yaratilgan imkoniyatlar, shuningdek, “Kelajakka qadam” dasturi orqali startap loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berishdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida talabalar o‘z g‘oyalari va startap loyihalarini taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bank vakillari eng istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni moliyalashtirish va amaliy yordam ko‘rsatish borasida takliflar bildirishdi.
Mazkur uchrashuv bitiruvchi talabalar uchun kelajak kasbiy faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mehnat bozoridagi talab va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishish hamda o‘z startap g‘oyalarini amalga oshirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi. Tadbir so‘ngida faol talabalar esdalik sovg’alar bilan taqdirlandi.