Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, Birlashsak – Vatan!

Mustaqillik bayrami “Bir bo'lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!”  g'oyasi ostida o'tkaziladi – O'zbekiston yangiliklari – Gazeta

Millionta tomirlarimda yashar ekansan, har nafasimda yodimdasan. Yuragimning qat-qatlarida Sen borsanki, men hali ham tirikman. Sen borsanki, men mustaqilman. Onam qornida paydo bo‘lgan lahzalarimdan boshlab senga tegishliman. O‘n sakkiz yildirki, endi sen menga tegishlidek o‘z she’rlarimda erkin seni madh eta olyapman. Qaydan shuncha iroda menda?

Ilk bor sakson yoshli bobomning baxtli kulgularida, rahmatli momomning qoshlarimga surgan o‘smalarida seni sevdim! Vatan! Qafaslar parchalandi, butkul sindi o‘sha qafaslar. Va o‘ttiz uch yildirki, qafaslarni parcha-parcha qilgan qush – O‘zbekiston erkin parvozda.

Mustaqillikda tug‘ilish, yashash, ijod qilish bir qaraganda ancha yengil tuyuladi. Ammo bu yorug‘ kunlarning o‘z sababchilari, Vatan uchun kurashgan ajdodlarimiz bor. Ularning orzulari, ilm-fan va ma’rifat borasidagi maqsadlari hali ham tirik. O‘lmaydigan buyuk orzular edi. Ana shu maslaklar bugun bizning yelkamizda.

Bu yilgi Mustaqillik bayramiga qo‘sha-qo‘sha yutuqlar keldi xalqimizga. Xalqimizning, yoshlarimizning ruhiyati ko‘tarildi. Endi bugungi yoshlar avvalgi yoshlar emas. «Parij – 2024» Olimpiadasi chindan xalqni yakdil holga keltirdi. Butun mahalla bir Vatan, bir oila bo‘lib bitta teleekran orqali musobaqalarni tomosha qildi. Ruhan qo‘llab-quvvatladi. Bir bo‘ldik – yagona xalq, birlashdik – Vatan bo‘ldik. Vatan bo‘lganda ham o‘z so‘zi, o‘z ovozi, o‘z minbariga ega yurt bo‘ldik.

Minglab ulug‘ ajdod-u allomalarimizning yorug‘ kunlar uchun to‘kkan qonlari, cheksiz mehnat-u mashaqqatlari kun kelib o‘z natijasini berishi aniq edi. Qachonki, millat moziyga qarab ish ko‘rsa yoxud moziyga hurmatni shakllantirgan holda harakat qilsa, ana shundagina u yuksaladi, birlashadi, mayda-mayda bo‘lakdan BUTUNga aylanadi.

Alpomishni eslang-a, buzilgan o‘lkani tiklovchi shaxs bo‘lib keldi. Xuddi shunday xalq ham moddiy tomondan ham ma’naviy tomondan jarga qulayotgan bir paytda O‘zligimiz uchun, O‘zbekligimizni anglatuvchi bong urildi.

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yillik tantanalarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining: “Xalqimizning ulug‘vor qudrati jo‘sh urgan hozirgi zamonda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda”, – degan so‘zi yangradi.

Yangi O‘zbekiston degani g‘oyada ham, o‘yda ham, so‘zda ham yangilik degani. Yangi muvaffaqiyatlar degani. Asli bu uyg‘onishning tamal toshi Birinchi uyg‘onish davriga borib taqaladi. Yangi O‘zbekiston, avvalo, xalqimiz milliy taraqqiyotining yangi davriga qadam qo‘ygani, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallayotgani va oldimizda ko‘plab yangi imkoniyatlar paydo bo‘lganini anglatadigan tushuncha bo‘lib kuchga kirdi.

Meni hamma imkoniyatlardan ham ko‘proq Mustaqillik davrida tug‘ilganim, eng gullagan yoshlik davrim esa Yangi O‘zbekiston davriga to‘g‘ri kelgani quvontiradi.

Vatanga qanot bo‘lish uchun yashaydigan, o‘lmas she’rlar yozishning o‘zi ham katta xizmat. Har sohada fidoyilik o‘z mevasini beradi. Yangi O‘zbekistonni faqat davlat tashkilotlari yaratishi shart emas. Shu yurtda yashayotgan, o‘zini daxldor deb bilgan har birimiz Yangi Uyg‘onish ma’rifati uchun javobgarmiz.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Yangi O‘zbekistonni faqat va faqat ilm va ma’rifat orqali qurishimiz mumkin. Shundagina ajdodlar va avlodlar oldida boshimiz baland bo‘lgay.

Halima Xudoyberdiyeva ham o‘z so‘zi ila da’vat qiladi:

Sen ey, mizg‘ib,
mudrab borayotgan do‘st,
U qonlar jismingni qilgaylar to‘s-to‘s,
Har lahzada uyg‘on! Har lahzada o‘s!
O‘stir Xudo degan shu mamlakatni!

O‘zbekistonning dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, UNICEF bilan hamkorlikda global pandemiyaga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlari jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etildi va bu e’tiroflar davom etmoqda.

Bu kabi misollarni keltirishimizdan muddao shuki, yurtimiz jahon hamjamiyatida naqadar nufuzli o‘ringa ega ekanligini ta’kidlashdir.

Masalan, **»Harakatlar strategiyasi»**ning beshinchi yo‘nalishi «Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish» deb nomlangan.

O‘zbekistonda mustaqillikning ilk yillaridanoq respublika hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning an’anaviy hamda madaniy merosini qayta tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda turli millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashab, samarali mehnat qilib kelmoqda. Turli millatlar o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibatni yanada mustahkamlashga davlat tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yangi O‘zbekiston degan buyuk yurtni yangi fikrli insonlargina qura oladi. Yangi g‘oya, yangi kashfiyotlar yangi davlatni tashkil etadi.

Biz naqadar kuchli davlat ekanimizni Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlaridan ham bilishimiz mumkin. Hammamizga ma’lum, IX–XII asrlarda O‘rta Osiyo hududida Birinchi Renessans (Uyg‘onish davri) sodir bo‘ldi.

«Renessans» atamasi dastlab Italiyadagi madaniy-ma’naviy yuksalish (XIV–XVI asrlar)ga nisbatan qo‘llanilgan bo‘lsa-da, Uyg‘onish faqat Yevropa hodisasi emas edi.

Movarounnahrda Italiyaga qaraganda bir necha asr oldin (IX–XII asrlar) ulkan madaniy yuksalish yuz berdi. Ilm-fan, falsafa va adabiyot rivojlandi, ilg‘or insonparvarlik g‘oyalari jamiyat tafakkurini yuksaltirdi, aqliy va ijodiy faollik gurkiradi.

Ikkinchi Renessans esa bevosita Temuriylar davriga to‘g‘ri keldi.

Ayni damda esa Uchinchi Uyg‘onish davrini yashayotgan yosh sifatida mas’uliyatni chuqur his qilaman. Yosh jadid, yangilikparvar Cho‘lponning «Millatni uyg‘otish – uyg‘onganlarning vazifasi» degan hikmati bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q.

Mustaqillikka qadar onalarimiz dalalarga o‘z bardoshini, sabrini, metin irodasini ekdi. Ular qop-qop, egat-egat paxta ekmadi. Ular o‘z orzularini, yorug‘ maqsadlarini ekkan edi.

Necha-necha Abdulla Qodiriy kabi jadidlarimizning qonlari qop-qora turmalarda qotib qoldi. O‘zbekiston degan buyuk davlat, bugungi o‘ttiz uch yillik shodiyonalar ana shunday achchiq ko‘z yoshlar, o‘zbek momolarining paxta dalalarida sinalgan bardoshi va metin irodasi evaziga bunyod bo‘ldi.

Agar yettinchi ajdodim tirik bo‘lganida, bugungi avlodiga havas qilishi turgan gap.

Bir bo‘ldik – Olimpiya cho‘qqisini zabt etdik.
Birlashdik – yagona xalq, yagona O‘zbekiston bo‘ldik.

Temuriylar nafasi singgan yigitlar, To‘marisdek qizlar voyaga yetdi. Qat-qat yerlar tagida zang bosib yotgan genlar uyg‘ondi.

Ajdodlarimizning dalalarga ekkan umidlari – Vatan bo‘ldi!

Yangi O‘zbekiston bo‘ldi!


Ergasheva Nilufar Akramjon qizi

O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti talabasi
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori