Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Chingiz Aytmatov – tinchlik va do‘stlik kuychisi

O‘zbekiston Milliy universitetida Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti Jurnalistika kafedrasi tomonidan davlat va jamoat arbobi, atoqli adib Chingiz Aytmatov tavalludining 96 yilligi munosabati bilan “Chingiz Aytmatov – tinchlik va do‘stlik kuychisi” nomli madaniy-maʼrifiy tadbiri o‘tkazildi.

Unda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasidan shoir-yozuvchilar, keng jamoatchilik vakillari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.


Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori Yoqub Ergashov, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev, O‘zbek adabiyotshunosligi” kafedrasi mudiri, professor Hamidulla Boltaboyev, Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti dekani Muzaffar Chorshanbiyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Muxtor Xudoyqulov, O‘zbekiston san’at arbobi, professor Dadaxon Yoqubov va boshqalar ulug‘ adib Chingiz Aytmatovning hayoti va ijodini o‘rganish, tadqiq etish, anjumanning ilmiy ahamiyati, ikki qo‘shni xalq o‘rtasidagi qo‘shnichilik, adabiy, ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash borasidagi ishlar, mamlakatimizdagi millatlararo do‘stlik xususida gapirdi.

Anjumanda ulug‘ adib ijodiy merosining ahamiyati, asarlarida tarannum etilgan yuksak insoniy fazilatlar, adibning yirik jamoat arbobi sifatidagi faoliyati, turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga qo‘shgan beqiyos xizmatlari haqida so‘z yuritildi. Xususan, adabiyotshunoslar tomonidan “Chingiz Aytmatov shajarasi haqida yangi tadqiqotlar”, “Aytmatovning adabiy-tanqidiy qarashlariga doir”, “Chingiz Aytmatov va Pirimqul Qodirov: adabiy do‘stlik rishtalari”, “Chingiz Aytmatov ijodida folklordan foydalanish san’ati” singari qator mavzularda qiziqarli ma’ruzalar o‘qildi.

– Chingiz Aytmatov ijodi, uning betakror asarlari jahon adabiyotining eng sara namunalari hisoblanadi, – deydi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev. – Shu bois ham adibning ko‘plab asarlari jahonning qator tillariga, jumladan, o‘zbek tiliga tarjima qilingan va o‘zbek xalqi tomonidan sevib o‘qiladi. Adibning asarlari xalqchiligi, o‘qilishining ravonligi, kitobxonni mushohadaga chorlashi bilan ham ahamiyatlidir.

Taniqli adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz xalqining ulug‘ yozuvchisi, balki XX asr jahon adabiyotining yirik namoyandalaridan biri hisoblanadi. Adib ko‘plab xalqaro mukofotlar sohibi, qolaversa, O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik” (1995), “Buyuk xizmatlari uchun” (1998) ordenlari bilan taqdirlangan.

Anjuman ishtirokchilari tadbirdan so‘ng Chingiz Aytmatov hayoti va ijodiga bag‘ishlab tashkil etilgan “Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” doimiy ekspozitsiyasiga tashrif buyurushdi.

O‘zMU Axborot xizmati