The National University of Uzbekistan named after Mirzo Ulugbek is the first and leading higher education institution not only in Uzbekistan, but also in Central Asia: 15 faculties, 80 chairs, 16 joint education programs, The number of graduates is 200,000+

Аkademik hamkorlik onlayn maʼruzalar orqali mustahkamlanmoqda

2021 yilning 1 mart kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti O‘zbek tilshunosligi va O‘zbek adabiyotshunosligi kafedralari tomonidan Turkiyaning Anqara universiteti Til, tarix va geografiya fakulteti Zamonaviy turkiy tillar va adabiyotlar bo‘limi bilan hamkorlikda 2020-2021 o‘quv yilining 2-semestriga rejalashtirilgan zamonaviy turkologik tadqiqotlar ma’ruzalarining 1-mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.

Darsni Anqara universiteti “Zamonaviy turkiy tillar va adabiyotlari” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Sema Barutju O‘zo‘ndar ochib berdi. Turkolog olima o‘zbek va turk xalqining do‘stona aloqalari, tilimiz, adabiyotimiz, tariximiz, folklorimiz, san’atimiz mushtarakligi haqida to‘xtaldi. Anqara va O‘zbekiston Milliy universitetining o‘tgan asr oxirida boshlangan ilmiy va pedagogik aloqalariga, xususan, akademik Iristoy Qo‘chqortoyevning Anqara universitetidagi faoliyatiga yuksak baho berdi va joriy o‘quv yilning 2-semestrida rejalashtirilgan zamonaviy turkologik tadqiqotlar ma’ruzalari onlayn darslari bu aloqalarni yangidan boshlayotganiga ishtirokchilarning e’tiborini qaratdi. Sema xonim so‘zining oxirida bu loyihani qo‘llab-quvvatlagan har ikki universitet rahbariyatiga, loyiha tashkilotchilari O‘zMU professori Muhabbat Qurbonova va Anqara universiteti professori Aynur O‘z O‘zjonga alohida minnatdorchilik bildirdi.

Tabrik uchun so‘z dastlab O‘zbekiston Milliy universiteti xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Raima Shirinovaga berildi. Prorektor Anqara universiteti rahbariyatiga chuqur minnatdorchilik bildirib, bu universitetning boy tajribaga ega ekanligini, xalqaro reytingda kuchli mingtalikdan joy olib kelayottganligini alohida ta’kidladi, shuningdek, universitetlarimiz orasidagi hamkorlik ikki tomonlama manfaat keltirishiga ishonch bildirdi. Shundan so‘ng loyiha tashkilotchilari professor Muhabbat Qurbonova va Aynur O‘z O‘zjonlarga so‘z berildi. Ular bu loyihaning ikkita universitet professor-o‘qituvchilarining, xususan, turkologlarining o‘zaro tajriba almashinishida hamda talabalar va tadqiqotchilarning sohaga oid yangiliklar bilan yaqindan tanishishlari uchun yaxshi bir imkoniyat bo‘lishini ta’kidlashdi.

Loyihaning 1-mashg‘ulotida O‘zbekiston Milliy universiteti O‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyevning “Boburnoma” asarining bizgacha yetib kelmagan qismi haqidagi ma’ruzasi hamda Anqara universiteti professori Gulzura Jumakunning zamonaviy turkiy tillar lug‘atchiligiga oid ma’ruzalari tinglandi. Har ikkala ma’ruza tinglovchilar tomonidan alohida bir qiziqish va qoniqish bilan qabul qilindi. Darsning savol-javob qismida Anqara universiteti professori Berdi Sari, Baku slavyan universiteti professori Nurida Navro‘zova, O‘zMU dotsenti Muqaddas Abduraxmonovalar ishtirok etib, ma’ruzachilar va ko‘tarilgan ilmiy muammolar haqida o‘z munosabatlarini bildirishdi. Mutaxassislar bu onlayn darslarning nafaqat ikkita universitet jamoasi, balki dunyo turkologlari, o‘zbekshunoslari uchun ham nihoyatda foydali bo‘lishini ta’kidlashdi va tashkilotchilarga minnatdorchilik izhor qilishdi.

Xalqaro aloqalar bo‘limi