The National University of Uzbekistan named after Mirzo Ulugbek is the first and leading higher education institution not only in Uzbekistan, but also in Central Asia: 15 faculties, 80 chairs, 16 joint education programs, The number of graduates is 200,000+

JURNАLIST – JАMIYaT VIJDONI

Prezident murojaati – uyg‘oqlikka chorlaydi

O‘tgan asr avvalida jadidlar matbuotni “millat oynasi” deya ta’riflagani ma’lum. Oradan yuz yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, bu ta’rif o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Haqiqatan, matbuot, bugun esa ommaviy axborot vositalari – millat, jamiyat hayotining oynasi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida erishilgan yutuqlar ta’kidlanib, yangi 2021 yilda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan eng ustuvor vazifalar belgilab berildi. Shu jumladan, yurtboshimiz yangi O‘zbekistonni taraqqiy ettirish va uchinchi renessans g‘oyasini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni masalasiga alohida diqqat qaratdi.
“Tanqidiy materiallar joylardagi ko‘plab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchi va halovatini buzayotgani ham bor gap, – dedi davlatimiz rahbari. – Lekin oshkoralik va so‘z erkinligi – bu davr talabi. Bu O‘zbekistondagi islohotlarning talabi. O‘tgan to‘rt yil davomida jamiyatda ochiqlik va oshkoralik, so‘z erkinligi muhitida yashash va ishlashga asta-sekin o‘rganib borayapmiz. Qiyin bo‘layapti, lekin o‘rganayapmiz. Adolatli jurnalist va blogerlarning tanqidiy chiqishlari eskicha qolipda ishlayotgan rahbarlarning faoliyatidagi xato-kamchiliklarni ko‘rsatib, ularning uslubini o‘zgartirish va mas’uliyatini oshirishga majbur qilmoqda.

Bundan buyon har bir davlat organi o‘z faoliyati davomida OAV bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi zarur”.

Darhaqiqat,so‘nggi to‘rt yil davomida O‘zbekiston jurnalistikasida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. O‘sha to‘rt yil oldingi holatni eslaylik. Xechqanday mubolag‘asiz, OAVlarimiz chuqur koma holatida edi. Yurtimizdagi eng yirik gazetalarimiz axborotnomadan xechqanday farq qilmasdi. Taraqqiyotga to‘siq bo‘layotgan illatlar haqdagi tanqidiy, tahliliy materiallar na televideniyeda berilardi, na matbuotda. Berilgani ham ma’lum bir qoliplar asosida tayyorlanar edi. O‘zbek jurnalistikasining asosini tashkil etgan xabar janridagi materiallar ham ma’lum bir parametrga javob beradigan, qattiq seleksiyadan o‘tgan, faqat targ‘ib-tashviq ruhidagi materiallar bo‘lardi. O‘sha kezlari jamiyatning OAVga bo‘lgan ishonchi deyarli boy berilgani ma’lum. Eng achinarlisi,haqqoniy axborot qahatchiligi sababli mish-mishlarga keng yo‘l ochilgani edi. Go‘yoki, o‘zbek jamiyati chin ma’nodagi demokratiyaga tayyor emasligi, nazoratsiz jurnalistika esa jamiyatni parokanda qilishi mumkinligi kabi vajlar asos sifatida keltirilar edi.

Xo‘sh, jamiyatdaerkin, mustaqil jurnalistikaning o‘rni qanday o‘zi? Nega undan,Prezident ta’kidlaganiday, ayrim rahbarlar qo‘rqishadi?Bu kabi savollarga ham javobni taraqqiyparvar jadidlar faoliyatidan topish mumkin. Bugungi kunda Ismoil Gaspirinskiy muharrirligida chiqqan “Tarjimon” gazetasi haqida bilmaydigan odam kam. Bu nashr turkiy tilda so‘zlashuvchi xalqlarning ilk nashridir.Bu nashr mustamlaka iskanjasida, jaholat girdobida qolgan xalqning mudroq ko‘zini ocha oldi. Bir vaqtlar dunyo tamadduninga ulkan hissa qo‘shgan, ilm-kashfiyot bilan yetakchilik qilgan xalq, dunyodan birnecha asrlar orqada qolganini ko‘rsata bildi. Markaziy Osiyoda “Taraqqiy”, Behbudiyning “Oyna” jurnali va boshqa o‘ndan ortiq gazeta-jurnallarshu nashr ta’sirida dunyoga keldi. Asrlar davomida o‘zining qobig‘iga o‘ralib olgan xalqni dunyo bilan tanishtirdi. Jamiyatdagi turli xil muammolarni tahlil, tahqiq qilib berdi. Natijada Turkiston jadidchiligi jamiyat hayotining barcha jabhalarini isloh qilish darajasiga o‘sib chiqdi. Ma’lum bo‘ladiki, so‘z erkinligi uzoq davrlar turg‘unlikda yashagan xalqni uyg‘otishi mumkin.

Mashhur olim G.Pochepsov bo‘lg‘usi matbuot kotiblariga: “Siz televideniyega intervyu berishdan oldin, yaqinlaringizni bu haqda ogohlantirib, zangori ekran qarshisida o‘zingizni qanday tutganingizni, kamchiliklaringizni aytib berishlarini iltimos qiling… shundagina siz o‘z nuqsonlaringizni bilib olishingiz va uning ustida ishlashingiz mumkin”, deya maslahat beradi. Demak, to‘g‘ri tanqid shaxsning ham, jamiyatning ham foydasiga ishlaydi. Yana bir misol, dunyoning iqtisodi ilg‘or va armiyasi qudratli bo‘lgan AQSHda jurnalistlarga, “Demokratiyaning qo‘riqchisi”, deya ta’rif berishadi. Demak, aynan jurnalistlar rahbar xodimlarning o‘z vazifalarini suiiste’mol qilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun jiddu jahd qiladi. Jurnalistlarning “mikraskop” ostidan kuzatishlari rahbarlarning tinimsiz ishlashiga va natijada taraqqiyotga olib keladi.

So‘nggi to‘rt yil ichida, jamiyatimizda muammolarni jurnalist va blogerlarimiz dadil ko‘tarib chiqayotir. Ilgarilari hattotassavvur qilib bo‘lmaydigan holat – viloyat hokimlarining faoliyatini kuzatish, kerak bo‘lsa, tanqid qilish boshlandi. Tashqi migratsiya agentligining faoliyatini jurnalist va blogerlar tomonidan tanqid qilinganiushbu muassasaishida ijobiy o‘zgarishlarga olib kelgani ham OAVning chin ma’noda to‘rtinchi hokimiyatga aylanayotganidan darak beradi. Yoki energetika sohasida muammolar bir necha o‘n yillardan beri davom etib kelayotgani, bloger va OAVlari tomonidan keng muhokama qilinib, vazir birinchi o‘rinbosarining hisobotidan senatorlar qoniqmaganini eslaylik.Ko‘rib turganingizdek, senator va deputatlarimizning ham hushyor tortishga jurnalist va blogerlarning faoliyati sabab bo‘lmoqda.

Jurnalistika – jamiyatdagi adolatsizliklar haqida bong uradigan “barometr”. Demak, u – jamiyat vijdoni.Prezidentimiz murojaatnomasida ham jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari faoliyatiga xolis va yuqori baho berilgani sababi shunda.Ushbu kasb egalari faoliyatiga bildirilgan bu ishonch, shubhasiz, munosib samara beradi.

RAVSHAN OMONOV,

SHOHRUX QOSIMOV,

O‘zbekiston Milliy universiteti

Jurnalistika fakulteti o‘qituvchilari