The National University of Uzbekistan named after Mirzo Ulugbek is the first and leading higher education institution not only in Uzbekistan, but also in Central Asia: 15 faculties, 80 chairs, 16 joint education programs, The number of graduates is 200,000+

ONA TILI – MILLATNING RUHI

2020 yil 20 oktabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbek tili bayrami munosabati bilan shuningdek, professor Yormat Tojiyev tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlab “Filologik ta’limni takomillashtirish muammolari” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanni O‘zMU prorektori Raima Shirinova kirish so‘zi bilan ochib berdi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishining tarixiy ahamiyati, bugungi kunda prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan tilimiz nufuzini oshirish borasida olib borilayotgan ishlarning salmog‘i yuqori ekaniga to‘xtalib o‘tdi hamda o‘z ilmiy faoliyati bilan O‘zbek tili rivojiga ulkan hissa qo‘shgan olimimiz professor Yormat Tojiyevning tavvalludining 80 yilligi bu qutlug‘ sanaga to‘g‘ri kelishi bejiz emasligini ta’kidladi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minxojiddin Xojimatov esa o‘z so‘zida O‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar va ularning ijrosi, hazrat Navoiyning tilimiz yuksalishi uchun amalga oshirgan buyuk ishlari, Rasul Hamzatov, Chingiz Aytmatov kabi buyuk ijodkorlarning ona tili haqidagi qarashlari xususida gapirib o‘tdi.

O‘zMU kafedra mudiri, professor Hamidulla Boltaboyev anjuman mohiyati xususida batafsil to‘xtalib tushuntirishlar berib berar ekan bu anjuman Respublika doirasi bilan cheklanmay, xorijlik nufuzli olimlar ham onlayn tarzda ishtirok etayotganini aytib o‘tdi. Jumladan, Turk Dil Qurumi (Til akademiyasi) raisi Gurur Gulsevin, AQSH Michigan universiteti professori Temur Xo‘ja o‘g‘li, Anqara universiteti professori Oynur O‘z O‘zjonlar masofadan turib o‘zbek xalqini milliyligimizning birinchi belgisi bo‘lmish O‘zbek tili bayrami bilan qutladilar va O‘zbek tili turkiy tillar kontekstida, O‘zbekiston Milliy universiteti va Anqara universitetining o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganish borasidagi hamkorliklari kabi masalalarda chiqish qildilar. Bundan tashqari anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri maslahatchisi O.Jamoldinova, Farg‘ona viloyati Erkin Vohidov nomli ijtimoiy fanlarni o‘qitishga yo‘naltirilgan maktab-internat direktori N. Mannopova, O‘zMU professorlari R.Sayfullayeva, N.Rahmonov, Q.Yo‘ldoshev, M.Qurbonovalar so‘zga chiqib O‘zbek tili bayrami hamda yuzlab shogirdlar yetishtirgan ustoz Yormat Tojiyev sha’niga munosib so‘zlar aytdilar. Professor Yormat Tojiyevga sovg‘alar topshirildi. Kirish qismidan so‘ng anjuman sho‘’balarga ajralgan holda davom ettirildi. Ma’ruzalar tinglandi. O‘zbek tiliga doir ilmiy muammolar, til o‘qitish bilan bog‘liq metodik tavsiyalar o‘rtaga tashlandi. Tadbirda olimlar, tadqiqotchilar, magistr va bakalavr talabalari ishtirok etdilar. Anjumanni O‘zbek filologiyasi talabalari masofadan turib onlayn kuzatib turdilar.

Dildora AZIMOVA,

O‘zMU katta o‘qituvchisi