The National University of Uzbekistan named after Mirzo Ulugbek is the first and leading higher education institution not only in Uzbekistan, but also in Central Asia: 15 faculties, 80 chairs, 16 joint education programs, The number of graduates is 200,000+

Ozon – yagona himoyachimiz

Bugun, 15 sentabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, Davlat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi hamda O‘zgidromet markazi bilan hamkorlikda “Ozon – yagona himoyachimiz” mavzuida davra suhbati tashkil etildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatalari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi a’zolari, universitet professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi N.Oblomurodov ochib berdi. Tadbir mobaynida professor-o‘qituvchilar tomonidan atmosferaning ozon qatlami quyoshning ultrabinafsha nurlarini ushlab qoladigan qalqon hisoblanishi, sayyoramizda tabiiy muvozanat buzilishi natijasida ozon qatlamining yemirilishi bilan bog‘liq ekologik xavf paydo bo‘lganligi, bu esa kelajakda iqlimning bashorat qilib bo‘lmaydigan o‘zgarishlariga, ya’ni inson organizmi immun tizimining zaiflashishiga, onkologik kasalliklar sonining oshishiga, o‘simliklarning sekin o‘sishiga olib kelishi yuzasidan ma’ruzalar tinglandi. Olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, ozon qatlamining yemirilishiga sovitish texnikalari, yong‘in o‘chirish vositalari, tarkibida galogenlar (xlor, ftor va brom) bo‘lgan kimyoviy moddalarning sanoat va qurilish sohasida keng qo‘llanilishi asosiy sabab sanaladi. Ekologik xavfning oldini olish maqsadida 1985 yilda dunyoning 147 mamlakati ishtirokida Ozon qatlamini muhofaza qilish to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi qabul qilindi. Oradan ikki yil o‘tgach, 1987 yilning 16 sentabrida ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokoli imzolandi. Shu kundan e’tiboran ushbu sana ozon qatlamini himoya qilish xalqaro kuni sifatida nishonlanadi. Garchi, hozirda atmosfera havosidagi ozon juda oz qismni tashkil etsa – da, uning ahamiyati benihoya kattadir. U oqsil va nukleinli kislotalarni yemiruvchi qat’iy ultrabinafsha nurlanishni ushlab qoladi. Qayd etish kerakki, stratosfera ozoni – ob-havoning qisqa muddatli va lokal o‘zgarishlarini belgilaydigan muhim iqlimiy omildir. Quyosh nurlanishini yuta turib va energiyani boshqa gazlarga uzata turib, ozon stratosferani isitadi va bu bilan butun atmosferada sayyoraviy issiqlik va sirkulyar jarayonlarning xususiyatlarini tartibga soladi. Ozonning o‘zgaruvchan molekulalari tabiiy sharoitlarda, jonli va jonsiz tabiatning turli omillari ta’sirida hosil bo‘ladi va parchalanadi, uzoq tadrijiy rivojlanish davomida ushbu jarayon birmuncha dinamik muvozanatga keldi. Ozon qatlamini olimlar “biologik qalqon” deb ham ataydilar. Taassufki, bu qalqonning yemirilishiga inson omili katta rol o‘ynayapti. Kosmik parvozlar, reaktiv samolyotlar parvozi, avtomobillar va boshqa manbalardan chiqayotgan gazlar, ayniqsa, sovitish tizimlaridagi freon gazi bu qatlam holatiga aks ta’sir ko‘rsatmoqda.


Mazkur davra suhbatida ishtirokchilar atmosfera havosini musaffoligini saqlash maqsadida barcha insonlarga ekologik ta’lim-tarbiya berilishini yo‘lga qo‘yish, korxonalarda ekologik jihatdan sog‘lom texnologiya yaratish, transport vositalarining chiqindisiz ishlashini ta’minlash, oyida bir marotaba bo‘lsa-da, «avtomobilsiz kunni» tashkil qilish, sovitish texnikalari va yong‘in o‘chirish vositalaridan havoga chiqariladigan galogenlarni atmosferani ya’ni ozon qatlamini siyraklashmasligiga olib kelmaydigan elementlar bilan almashtirish chora- tadbirlarini ko‘rish, shahar va qishloq ko‘chalarida, korxonalar atroflarida yashil iqtisodiyotni ya’ni ko‘kalamzorlashtirishni yanada kuchaytirish taklifini berdilar.
Davra suhbati davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

O‘zMU Axborot xizmati