Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

“MUAMMODAN MUVAFFAQIYATGA TOMON HARAKATLANISHIMIZ KERAK!”

Mahliyo O‘roqovaning Prezident ishtirokida o‘tgan ochiq muloqotdagi fikri:
“Assalomu alaykum, hurmatli Prezident! Men, Mahliyo O‘roqova, “Yosh kitobxon” tanlovida g‘olib bo‘lib, Prezident sovg‘asi “Spark“ avtomobiliga sazovor bo‘ldim, mashinani esa ota-onamga sovg‘a qildim, ularning duosini oldim. Bugun esa TOP-1000 talikka kirgan otaxon dargoh – O‘zbekiston Milliy universitetida tahsil olaman. Ilmdek sharafli yo‘lda ekanimdan, jamiyatda o‘z o‘rnimni topib borayotganimdan baxtiyorman. Bularning barchasi Sizning birgina “Kitob o‘qinglar!” degan xitobingizning mevasi aslida”.

Prezidentimizning yoshlar bilan ochiq muloqotida ishtirok etish baxti menga ham nasib qildi. Bu kun butun O‘zbekiston yoshlari uchun tarixiy va esda qolarli kun bo‘ldi. Uchrashuv avvalida Yurtboshimiz “Yoshlar – xalqimizning, Vatanimizning oltin fondi” deya ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari yoshlar uchun yana qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, ayniqsa, xotin-qizlar va ishsiz yoshlar masalasida qator tashabbuslarni ilgari surdilar.
Nufuzli universitetda tahsil olayotgan bir talaba sifatida meni quvontirgani, Prezidentimizning oliy ta’lim muassasalarini bitirayotgan talaba-yoshlar bandligi masalasiga jiddiy e’tibor qaratayotgani, qayg‘urayotgani bo‘ldi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun ham ta’lim eshiklari keng ochiladigan bo‘ldi. “Yorqin iste’dod” loyihasi bilan endi bu oila farzandlari ham bemalol oliy ta’limni davom ettira oladilar. “Kelajakka qadam” dasturi Milliy bank bilan hamkorlikda amalga oshirilishi esa talaba-yoshlarimiz uchun muhim yangiliklardan biri bo‘ldi.

Ochiq muloqotda Prezidentimiz: “Bitta qizni o‘qitsak, butun oilani o‘qitgan bo‘lamiz, oilalar bilimli ma’rifatli, bo‘lsa butun jamiyat ma’rifatli bo‘ladi” – deya alohida ta’kidlab o‘tdilar. Kitobxonlik madaniyatining yoshlarimiz o‘rtasida yanada keng rivojlanishi bilan bir qatorda adabiyotsevarlarning sevimli nashri bo‘lgan “Yoshlik” jurnali faoliyatini kuchaytirish aytib o‘tildi. Men ham kitobxon, yosh adabiyotshunos sifatida bu harakatni amalga oshirishda o‘z hissamni qo‘shishga ahd qildim.

Yangi O‘zbekistonning kelajak bunyodkorlari bo‘lgan biz yoshlar bilan uchrashuvda Prezidentimizning “Muammodan muvaffaqiyatga tomon harakatlanishimiz kerak” degan ta’kidlari menga baland ruh, katta ishonch berdi.

Mahliyo O‘roqova,
O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti talabasi