Ma’lumki, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti so‘nggi yillarda Fransiyaning yetakchi universitetlari, jumladan Sorbonne Nouvelle Paris III, Poitiers, Tours, Strasbourg, Bordeaux, Bordeaux Montaigne, Sorbonne Paris Nord kabi universitetlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolab, ular bilan turli yo‘nalishlarda – akademik almashinuv, professor-o‘qituvchilarning ma’ruza o‘qishlari, ilmiy loyihalar doirasida hamkorliklarni olib bormoqda.
Oxirgi uch yilda Fransiya oliygohlari bilan hamorlikda 5 ta Erasmus+ xalqaro loyihalari qo‘lga kiritildi. Ana shunday loyihalardan biri – Poitiers universiteti bilan amalga oshiriladigan Erasmus+KA 107 grant loyihasi hisoblanadi.
Mazkur loyiha doirasida O‘zbekiston Milliy universiteti Xorijiy filologiya fakulteti o‘qituvchilari Raximova Gulfiya hamda tayanch doktorant Qo‘ldosheva Mo‘tabarlar joriy yilning 19-25 fevral kunlari mazkur universitetda malaka oshirib qaytdilar.
Tashrifning dastlabki kunlarida O‘zMU ilmiy tadqiqotchilari universitet ta’lim tizimi, dars jarayoni, talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi, shuningdek, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, zamonaviy uslubiy materiallar va dars texnologiyalari to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Bir haftalik tashrif davomida tadqiqotchilar Poitiers universiteti professor-o‘qituvchilarining dars jarayonlarida faol qatnashib, malakalarini oshirishdi hamda universitet kutubxonalarida izlanish olib borib, o‘z tadqiqotlari doirasidagi ilmiy adabiyotlar bilan yaqindan tanishishdi, muzey va ko‘rgazmalarga tashrif buyurishdi.