Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

HАYOTNING HАR LАHZАSI GOʼZАL…

Mamlakatimizda yashayotgan har bir inson qalbida insoniylik, mehr-muruvvat, bagʼrikenglik kabi ijobiy xislatlar joy olgan. «Keksalari ulugʼlangan yurtda baraka boʼladi»,-deydi dono xalqimiz. Oʼzbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakim «Nuroniysi bor xonadonning devori nuramaydi», -degan gapni aytganda chindan haq edi. Xalqimizning ulugʼ qadriyatlaridan biri ham yoshi ulugʼ insonlarga, keksalarga hurmat-ehtirom koʼrsatish, ularning koʼp yillik hayotiy va mehnat tajribalari asosidagi qadrli maslahatlaridan bahramand boʼlish va duolarini olib yurishdir.

Ulkan ishlar va ulugʼ maqsadlar yoʼlidagi saʼy-harakatlarimizni nuroniylarning maslahati, duolari bilan boshlaymiz, ularning hayotiy tajribalariga tayanamiz. Zero, «Qarisi bor uyning – parisi bor», «Qarilikni donolik bezar» kabi xalq maqol va matallari bekorga paydo boʼlmagan. Аna shu qadriyat, olijanob fazilat bugun davlatimiz siyosatida ham oʼz ifodasini topganligi barchamizga maʼlumdir.

Bugun mamlakatimizda yoshi ulugʼ, jamiyat taraqqiyotiga ozmi-koʼpmi hissa qoʼshgan keksalar alohida ardoqlanmoqda, gʼamxoʼrlik koʼrsatilmoqda. Chunki bu anʼana ham asli qadriyat, mehr-muhabbatning mezonidir.

Yurtimizda nuroniylarga alohida hurmat-ehtirom koʼrsatilayotganligi, ularning salomatligini asrash va hayotiy tajribalaridan unumli foydalanish kelajagimiz egalari boʼlmish yoshlarimizning porloq kelajagini taʼminlashga ham xizmat qiladi.

Yoshlarimiz Vatanimiz kelajagining egalari, keksalarimiz esa bugungi osuda, farovon va tinch hayot kechirishimizga bevosita xizmatlari singgan hamda bugun qurgan ulkan binolarimizning poydevorlarini mustahkam boʼlishiga zamin yaratgan moʼʼtabar insonlardir. Shu aziz vatanda tugʼilib, osuda va tinch umr kechirayotganligimiz, yoshlarimiz izzatda, keksalarimiz hurmatda yashayotgan ushbu diyorda insoniy orzularga yetishayotganligimiz har birimizda faxr va iftixor tuygʼusini uygʼotadi.

Bugun OʼzMU Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʼyicha prorektori Kamoliddin Mirzaahmedovning tashabbusi va bevosita homiyligida Oʼzbekiston Milliy universitetida mazkur ilm dargohida bir necha yillar davomida mehnat qilib, oʼz bilimi, kuch-gʼayratini ushbu universitet ravnaqi yoʼlida sarf etgan, farzandlarning maʼnaviy barkamol inson boʼlib ulgʼayishlariga ulkan hissa qoʼshgan ilm otalari boʼlmishfahriy ustozlar, professor-oʼqituvchilari bir piyola choy va bir choʼqim oshga taklif etildi.

Oliy oʼquv yurtining nufuzi va salohiyatini yuksalishida beminnat xizmat qilgan keksa ustozlar bir-birlari bilan shirin diydorlashdilar. Tadbir munosabati bilan universitetga tashrif buyurgan ustozlar, fahriy oʼqituvchilar, mehmonlar universitet rahbariyati va jamoasi tomonidan kutib olindi.

Tadbirni Oʼzbekiston Milliy universiteti rektori Inomjon Madjidov kirish nutqi bilan ochib berdi. Shundan soʼng, Jurnalistika fakulьtetining fahriysi, professor Muxtor Xudoyqulov, Matematika fakulьteti professori Аziz Vorisov, Fizika fakulьteti dotsenti Neʼmat Norqulov soʼzga chiqibyigʼilganlarga oʼzlarining samimiy tilaklarini va minnatdorchiliklarini bildirishdi.

Hikmatlar kitobida yoziladi: «Shogirdlar koʼnglida mehr uygʼotolgan ustoz sharaflarga loyiqdir». Chinakamiga eʼzozu sharaflarga, cheksiz ardogʼga munosib ustozlarning shirin xotiralari barchaning koʼnglini togʼdek yuksaltirdi. Bu dargoh ne-ne maʼrifat dargʼalariga beshik boʼlmagan deysiz, qanchadan-qancha olimlarning qutlugʼ qadamlaridan ziyolanib turadigan dargoh shu kuni oʼzgacha yolqinlandi. Fahriy ustozlarning tashrifi oliygohni oʼzgacha fayzga burkadi, har bir yosh shogirdlar koʼnglida ilm chiroqlari yorqinroq porlagandek boʼldi. Chunki bu kun bilim bogʼining bogʼbonlari koʼnglini olish, suhbatidan bahramand boʼlishdek baxt barchamizga nasib etgan edi.

Аrdoqli shoirimiz Yoʼldosh Sulaymon aytgandilar: «Oʼzbekiston Milliy universitetining barcha pedagoglari oʼz sohasining chinakam fidoyilaridir. U yerda ishlayotgan buyuk olimlarimiz tirik afsonadir». Darhaqiqat, bugun juda koʼp ilm dargʼalari olamdan oʼtgan boʼlsada, biz bilan yashab, ardogʼimizda umrguzaronlik qilayotganlarga qancha gʼamxoʼrlik qilsak, shuncha kam. Ustozlardan ilm sirlarini oʼrganib qolish va hayotga tatbiq etish bugungi yoshlarning asosiy vazifasiga aylanmogʼi shart.

Mehr nuri yogʼar doim,

Yuzingizdan ustozlar.

Yursam deyman shu tabarruk,

Izingizdan ustozlar.

Ustoz-otangdek ulugʼ, deydilar. Bugun chinakamiga ulugʼlar davrasi xuddi maʼrifat bogʼiga, ziyo gulshaniga aylandi. Ilm-fan rivojiga beminnat ulkan hissa qoʼshgan olim va professorlarga boqib, ich-ichimizdan havas qildik.

Bugun turli sohalarda erishayotgan yutuqlarimizda ota-onalarimiz, moʼʼtabar qariyalarimiz va fidoyi ustozlarimizning unutilmas va ulkan xizmati borligini, biz ular oldida umrbod qarzdor ekanimizni unutmasligimiz, qoʼlimizdan kelganicha ularning ogʼirini yengil, umrini uzoq qilishni oʼzimizning insoniy burchimizdeb bilishimiz lozim.

Yaxshi niyat insonlarni hamisha saodat manziliga eltadi. Biz yoshlar ham havas qildik, shu ustozlardek el ardogʼida, shogirdlar eʼzozida boʼlishlik nasib qilsin. Hayot hikmatlarini chuqur oʼrganib, ustozlar izidan borish hammamizning orzumiz.

Muxtasar qilib aytganda, vatanimiz ravnaqi, uning kelajagi boʼlmish yosh avlodni munosib darajada tarbiyalashda, shuningdek boy tariximizning oʼchmas sahifalarini, ajdodlarimizning buyuk merosini, qadriyat va urf-odatlarimizni kelajak avlodga yetkazishda oʼzining matonati, irodasi bilan fidoyilik qilayotgan keksa avlod vakillariga hurmat va ehtirom koʼrsatish, ularni eʼzozlab, qadriga yetish, asrab avaylash, turli shart-sharoitlar yaratish har birimizning farzandlik burchimizdir.

Oʼzbekiston xalq shoiri Аnvar Obidjon yozganidek:

Hayotning har lahzasi goʼzal,

Umrning har dami gʼanimat…

Bu dunyoda bir-birimizga gʼanimat ekanligimizni unutmaylik. Ustozlar duosini olib, ularni qadrlab yashayveraylik.

Ravshanjon OMONOV,

Oʼzbekiston Milliy universiteti

Jurnalistika fakulьteti oʼqituvchisi

Аbbosbek MOʼMINOV,

Oʼzbekiston Milliy universiteti

III bosqich talabasi