Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Halqaro hamkorlikda taʼlim, fan va ishlab chiqarish uygʼunligi

2021 yil 22 aprel kuni Belarus Milliy Texnika universiteti rektori Sergey Vasilevich Xaritonchik boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurdi. Delegatsiyani Milliy universitet rektori Inom Madjidov va soha prorektorlari kutib oldilar. Ma’lumki, joriy yilining fevral oyida Belarus Milliy Texnika universiteti bilan xalqaro xamkorlik memorandumi imzolangan edi va mazkur tashrifda esa memorandumga asosan qo‘shma ta’lim dasturi shartnomasi, o‘quv rejalar hamda fan dasturlar doirasida kelishuvlar olib borildi. 2021/2022 o‘quv yilida Lazer fizikasi: Materialshunoslik va materiallar texnologiyasi (tarmoqlar bo‘yicha) yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturlariga qabulni yo‘lga qo‘yishga va keyinchalik boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda ham ta’lim dasturlarini kengaytirishga kelishib olindi.

Ayniqsa, BMTU rektori universitet ilmiy salohiyatli professor-o‘qituvchilari va ularning ilmiy yo‘nalishlari hamda tadqiqot olib borishga qaratilgan dolzarb mavzular bankini O‘zMU rektoriga taqdim etdi. Mazkur yo‘nalishda ikki universitet olimlari doktorantlar va mustaqil tadqiqotchilarga ikki tomonlama rahbarlik tajribasini yo‘lga qo‘yish va bu orqali ikki universitet ilmiy, akademik mavqeini oshirish hamda mustahkamlashga erishishlari mumkinligini qayd etib o‘tdilar.

Shuningdek, Sergey Vasilevich O‘zbekiston Milliy universiteti magistr, tayanch doktorantlari va mustaqil tadqiqotchilari uchun BMTU Texnoparki hamda universitet qoshidagi ishlab chiqarish korxonalari doimo amaliy va ilmiy laboratoriya sifatida ochiq ekanligini aytib o‘tdi.

O‘z navbatida O‘zMU rektori O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Belarus Respublikasi Fan va texnologiyalar qo‘mitasi hamkorlikdagi xalqaro ilmiy loyihalar tanlovi e’lon qilinganligi hamda “Tibbiyot va tibbiy texnologiyalar”, “Nano va biotexnologiyalar”, “Kimyoviy texnologiyalar”, Lazer texnologiyalari va fotonika hamda “Raqamli informatsion-kommunikatsion texnologiyalar va yo‘nalishlararo fanlar” bo‘yicha hamkorlikda ilmiy loyihalarda ishtirok etishni taklif qildi.

Uchrashuvda tomonlar hamkorlikda zamonaviy darsliklar yaratish, mavjudlarini tarjima qilish va muallif bilan kelishgan holda mazmunini boyitish kabi bir qancha masallalar yuzasidan uzoq va batafsil kelishib oldilar.

Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor

Raima Shirinova