Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

“Jaholatga qarshi maʼrifat” shiori ostida seminar oʼtkazildi

Bugungi kunda jamiyatda uzluksiz maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va targʼibot-tashviqot ishlarini olib borish, hususan, taʼlim muassasalari va mehnat jamoalarida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni oʼrganish va sogʼlomlashtirishga qaratilgan bir qancha tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Bugun Mirzo Ulugʼbek nomidagi Oʼzbekiston Milliy universitetida ham“Jaholatga qarshi maʼrifat” shiori ostida seminar tashkil etildi. Tadbirda universitetning yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʼlimi boshligʼi Botir Mallabaev, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom Instituti oʼqituvchilari Аbdurasul Toshpoʼlatov, Din ishlari boʼyicha qoʼmita vakillari, fakulьtet yoshlar bilan ishlash boʼyicha dekan oʼrinbosarlari, tarbiyachi-pedagoglar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni dastlab universitetning yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʼlimi boshligʼi Botir Mallabaev ochib berdi va islom dinining ezgulik, insonparvarlik, sahovatpeshalik va tinchlikparvarlik dini ekanligini alohida taʼkidladi. Shuningdek, tadbir davomida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom Instituti oʼqituvchisi Аbdurasul Toshpoʼlatov islom dinining tinchlikparvarlik mohiyati hamda islom dinida mutaassiblik va jaholatning qoralanishi, “jaholatga qarshi maʼrifat” bilan kurashish gʼoyasining ahamiyati, ekstremizm gʼoyalari taʼsiriga tushib qolishning olidin olish kabi bir qator dolzarb masalalarga eʼtibor qaratdi.

Har qanday kasallikning oldini olish uchun avvalo kishi organizmida unga qarshi kurashuvchi immunitet hosil qilinishi va yoshlar ongida ham ona Vatanga boʼlgan muhabbat hissi, ota-bobolarimiz kabi oʼz dinimizga sadoqat tuygʼularini yanada shakillantirish, ularning ongida va qalbida mafkuraviy-maʼnaviy immunitetni yanada kuchaytirishimiz muhim oʼrin tutadi,- deydi Аbdurasul Toshpoʼlatov.

Tadbir davomida universitetning faol, iqtidorli talabalari ham soʼzga chiqib, dunyoviy va diniy bilimlarni chuqur oʼrganish va unga amal qilib, doimo izlanish orqali jonajon vatanimiz, jamiyatimiz rivojiga oʼz xissasini qoʼshish fuqarolik burchi ekanligini, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish esa har bir fuqaroni shioriga aylanmogʼi lozimligini taʼkidladilar.

Tadbir yakunida talabalar mavzu yuzasidan oʼzlarining qiziqtirgan barcha savollariga mutaxassislardan batafsil javob oldilar.

Yoshlar bilan ishlash,

maʼnaviyat va maʼrifat boʼlimi