Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Jismoniy tarbiya va sport sohasida ta’lim, tarbiya va innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish: muammo va yechimlar

Bugun, 1-noyabr kuni, O‘zbekiston Milliy universitetida “Jismoniy tarbiya va sport sohasida ta’lim, tarbiya va innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish: muammo va yechimlar” mavzusidagi III xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Ushbu nufuzli anjumanning asosiy maqsadi – jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish istiqbollari, jamiyatning barcha qatlamlarida jismoniy rivojlanish bilan bog‘liq muammolarni hal etishning yangi yo‘llarini izlash, yosh avlodning jismoniy tayyorgarligi va rivojlanishi jarayonini takomillashtirishga oid qonuniyatlar, metodologik va uslubiy jihatlarni o‘rganish, shuningdek, jahonning nufuzli mutaxassislari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishdan iborat.

Konferensiyada Ukraina, Rossiya, Turkiya, Koreya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi mamlakatlardan 20 ga yaqin xorijlik olimlar shaxsan va onlayn ishtirok etdi.

Anjumanda jismoniy tarbiya va sport sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash samaradorligini oshirish, jismoniy tarbiya va sportning tibbiy-biologik jihatlari, ommaviy sportni rivojlantirishda sport klublarining ta’lim makonidagi roli, ommaviy sport-sog‘lomlashtirish faoliyatini tizimli asosda modellashtirish va jarayonni boshqarish, shuningdek, sport mashg‘ulotlarida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash masalalari muhokama qilindi.

An’anaga aylangan ushbu anjumanda yosh olimlar, magistrantlar va doktorantlar keng jalb etildi. Ularga respublika va xorijdagi nufuzli olimlar bilan ilmiy hamkorlik qilish, xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim muassasalarida amaliyot o‘tashlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

O‘zMU Axborot xizmati