Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Munosabat

Talabalarga qulaylik yaratish, doimiy yashash hududidan ta’lim muassasalariga xavfsiz, tirbandliklarsiz yetib kelishlari, joylarda avia va temir yo‘l chiptalarini almashtirishdagi noqulayliklarning oldini olish hamda talabalarning ijara uylari va yotoqxonalariga ortiqcha qiyinchiliklarsiz joylashishlarini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati universitetning ichki imkoniyatlari, o‘quv jarayonining hozirgi holati, mavjud sharoitlarini inobatga olgan holda, an’anaviy (offlayn) o‘quv jarayonlarini quyidagi grafik asosida boshlash haqida qaror qabul qilgani haqida xabar bergan edik.
Bakalavriat: 1-kurslar uchun: 2021-2022 o‘quv yilining bahorgi semestr bo‘yicha fanlardan mashg‘ulotlar an’anaviy tarzda tasdiqlangan o‘quv jarayoni jadvaliga muvofiq 22.02.2022 yildan. 2 kurslar uchun: 2021-2022 o‘quv yilining bahorgi semestr bo‘yicha fanlardan mashg‘ulotlar an’anaviy tarzda tasdiqlangan o‘quv jarayoni jadvaliga muvofiq 15.02.2022 yildan. 3 va 4-kurslar uchun: 2021-2022 o‘quv yilini 07.02.2022 yildan boshlab grafida belgilangan birinchi yakuniy nazorat sanasi bo‘yicha an’anaviy tarzda tashkil etiladi.
Magistratura: 1 va 2-kurslar uchun: 2021-2022 o‘quv yilining bahorgi semestr bo‘yicha fanlardan mashg‘ulotlar an’anaviy tarzda tasdiqlangan o‘quv jarayoni jadvaliga muvofiq 07.02.2022 yildan.
Universitetning mavjud o‘quv binolari, auditoriyalari hamda 10 ta talabalar turar joyi Toshkent shahar Olmazor tuman DSENM tomonidan to‘liq dezinfeksiya qilingan.
Talabalar turar joylari  tyutorlarning navbatchilik jadvali asosida talabalarni kutib olishga tayyor holatga keltirilgan. Belgilangan grafikdan oldin kelgan talabalarni ortiqcha ovoragarchiliklariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida TTJlar to‘liq ochilgan. Talabalar turar joylariga har doimgidek, ta’tildan qaytish grafigi bo‘yicha 2-3 kun oldin talabalar kelib joylasha boshlashadi. Ta’til davrida, OTM to‘liq onlayn ta’lim davrida talabalar turar joylari o‘rnatilgan tartibda yopiq holatda saqlanadi.
Kuni kecha esa ijtimoiy tarmoqda “Muhrlangan yotoqxonalar qachon ochiladi?” sarlavhasi ostida tarqatilgan xabar yuzasidan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi: Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan mazkur xabar yetarli asosga ega emas hamda xabar muallifi mavjud vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, to‘liq o‘rgangan bo‘lishiga qaramay, bizga ma’lum bo‘lmagan sababga ko‘ra, shov-shuv ko‘tarish maqsadida ortiqcha hissiyotga berilgan holda xabarni tayyorlab, tarqatgan deb hisoblaymiz.
So‘nggi so‘z o‘rnida OAV, ijtimoiy tarmoq faollari va blogerlarga ijtimoiy tarmoq hamda boshqa vositalar orqali yolg‘on xabar tarqatganlik uchun jazo muqarrarligi haqida Adliya vazirligi Axborot xizmatining O‘zbekiston Milliy axborot agentligi veb-saytida berilgan quyidagi javobini eslatma sifatida ilova qilamiz.
“Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axbortni tarqatish, shu jumladan, OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish BHMning 50 baravari (13 mln 500 ming so‘m) dan 100 baravari (27 mln so‘m)gacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, yolg‘on xabar tarqatganlik uchun fuqaroviy javobgarlik ham mavjud. Xususan Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, shaxsning or-nomusi, sha’ni va qadr-qimmati hamda ishchanlik obro‘sini haqoratlovchi ma’lumotlarni tarqatish tufayli ma’naviy zarar yetkazilgan bo‘lsa, yetkazuvchining aybidan qat’iy nazar qoplanishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Bundan tashqari Jinoyat kodeksiga muvofiq ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ham ushbu hatti-harakatlar takror sodir etilsa, BHMning 200 baravarigacha (54 mln so‘m) miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi”.
O‘zMU Axborot xizmati jurnalist va blogerlar bilan hamisha ochiq hamkorlikka tayyor. Bundan keyin ham jamoatchilikka O‘zbekiston Milliy universiteti hayotiga oid axborotlarni xolis va tezkor yetkazishdan manfaatdor.

O‘zMU Axborot xizmati