Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Oʻzbekiston Milliy universiteti rektorining Yangi yil munosabati bilan universitet jamoasiga bayram tabrigi

Hurmatli universitetimiz jamoasi,
qadrli hamkasblar! Aziz universitetimiz talabalari!

Sizlarni kirib kelayotgan yangi – 2026-yil bilan chin dildan tabriklayman. 2025-yil Oʻzbekiston Milliy universiteti tarixida yana bir mazmunli sahifa boʻldi. Koʻp ming sonli jamoamiz mehnati orqali turli sohalarda muhim yutuqlarga erishdik.

Raqamlarga toʻxtaladigan boʻlsak, 22 ta taʼlim yoʻnalishlari va 59 ta mutaxassislik boʻyicha oʻquv dasturlari dunyoning TOP-300 xorijiy universitetlar dasturlariga muvofiqlashtirildi. Professor-oʻqituvchilar uchun oʻquv yuklamalarini taqsimlash va faoliyatini ragʻbatlantirishning yangilangan tartibi joriy etildi. Universitetda oʻquv jarayonlari va bitiruvchilarni ishga joylashtirish amaliyoti raqamlashtirildi.

2025-yilda 30 dan ziyod ixtisosliklar boʻyicha jami 230 nafardan ortiq izlanuvchilar dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qildi. Shundan, 48 nafar tadqiqotchi doktorlik dissertatsiyasini samarali yakunladi. 100 nafardan ortiq tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilar muddatidan avval himoyadan oʻtdi. Professor-oʻqituvchilardan 23 nafari professor, 54 nafari dotsent ilmiy unvoniga sazovor boʻldi.

Universitetimizda umumiy qiymati qariyb 27 mlrd soʻm boʻlgan 50 ta loyiha, jumladan 16 ta fundamental, 27 ta amaliy, 5 ta innovatsion va 1 ta noyob obyekt loyihalari bajarilmoqda.

Barchamizga maʼlum, yaqinda Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomani taqdim etdilar. Mazkur strategik bayonotda 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yoʻnalishdan iborat dastur haqida atroflicha toʻxtalib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratishga bagʻishlangan toʻrtinchi ustuvor yoʻnalish haqida soʻz yuritar ekan, yoshlarimizning talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha dunyoda raqobatdosh boʻlishi, kerak boʻlsa, boshqalardan bir pogʻona ustun turishi lozimligini taʼkidladi.

Prezidentimizning mazkur taʼkidi nafaqat kasbiy taʼlim muassasalari, balki oliy taʼlim muassasalari oldiga ham katta va masʼuliyatli vazifalarni qoʻyadi.

Shu nuqtai nazardan, oliy taʼlim muassasalari oʻz faoliyatini xalqaro standartlar asosida tashkil etishi, taʼlim sifatini yanada oshirish orqali oʻz nufuzini jahon miqyosida mustahkamlashi lozim. Bu esa xalqaro maydonda raqobatlasha oladigan, zamonaviy bilim va innovatsion tafakkurga ega boʻlgan kadrlarni yetishtirishni ustuvor vazifaga aylantiradi.

Yakunlanayotgan yilda Oʻzbekiston Milliy universitetining xalqaro nufuzi yanada mustahkamlandi. Bu esa yetakchi xorijiy tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilmoqda.

Jumladan, QS dunyo universitetlari reytingida Oʻzbekiston Milliy universiteti 721–730-oʻrinlarni egallab, TOP-1000 oliygohlar safida barqaror mavqega ega boʻldi. Osiyoning eng kuchli universitetlari qatorida 180-oʻrinni band qildi.

Fan yoʻnalishlari reytingida matematika boʻyicha 401–450, zamonaviy tillar boʻyicha 301–350, fizika va astronomiya boʻyicha 601–675-oʻrinlarni egalladi.

Shuningdek, tabiiy fanlar yoʻnalishida top 600 oliy taʼlim muassasalari guruhidan joy oldi. Ushbu natijalar universitetning xalqaro maydonda barqaror rivojlanayotganining yaqqol isbotidir.

2025-yil davomida taʼlim jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, oʻquv adabiyotlari bazasini yangilash va yoshlarning bilim olish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Jami 292 ta oʻquv adabiyoti, shundan 107 ta darslik, 185 ta oʻquv qoʻllanma nashr etildi. Top-300 talikka kirgan universitetlarning 22 nomdagi oʻquv adabiyotlari ingliz tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilindi.

Oʻzbekiston Milliy universitetiga biriktirilgan turizm obyektlari – Zomin, Forish, Arnasoy hamda Xovos tumanlarida ilmiy-maʼrifiy, madaniy tadbirlar, forumlar tashkil etilib, ichki turizm jozibasini targʻib qilishga hissa qoʻshildi.

Universitetning iqtidorli yoshlari ilm-fan, madaniyat va sport yoʻnalishlaridagi turli olimpiadalar, tanlov va musobaqalarda muvaffaqiyatli natijalarni qoʻlga kiritmoqda.

Yoshlarimiz orasida Prezident va nomli davlat stipendiyalari sohiblari, nufuzli tanlov va olimpiadalar gʻoliblari, respublika, Osiyo va jahon chempionlari sonining ortib borayotgani albatta quvontiradi.

Jumladan, 26 nafar talaba xalqaro va respublika fan olimpiadalarida gʻolib boʻlib, 3 ta oltin, 14 ta kumush, 9 ta bronza medallariga sazovor boʻlishdi.

Shuningdek, 3 nafar talaba 2025/2026-oʻquv yili uchun Prezident granti tanlovida gʻolib boʻldi.

Yil soʻngidagi yana bir xushxabar, universitetimizning bilimli talabalari respublika oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida oʻtkazilgan Intellektual olimpiada doirasidagi “Zakovat” oʻyinining mutlaq gʻolibi boʻlib, Prezident sovgʻasi – 2 mlrd soʻm pul mukofotini qoʻlga kiritdi.

Yoshlarimizning sifatli taʼlim-tarbiya olishi va komil inson boʻlib voyaga yetishi yoʻlida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarimiz yangi yilda ham uzluksiz davom etadi.

Soʻzim oxirida, Yangi yil jamoamiz uchun yangi marralar va yuksak natijalar yili boʻlishini tilayman.

Barchangizni kirib kelayotgan Yangi yil bilan samimiy tabriklayman.

Sogʻlik, xotirjamlik, oilaviy baxt va farovonlik sizlarni hech qachon tark etmasin.

Yangi yil hammamiz uchun xayrli va fayzli boʻlsin!

Inom Madjidov,
Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori