Oʻzbekiston Milliy universiteti talabalari Prokuratura tarixi muzeyining nodir eksponatlari bilan tanishdilar

Bugun, 7-may kuni O‘zbekiston Milliy universiteti talaba-yoshlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi O‘zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyiga sayohat tashkil etildi. Tadbir talabalarda davlatchilik tarixi va huquqiy madaniyatni shakllantirish maqsadida amalga oshirildi.

Sayohat davomida muzey direktori Gulirano Orifjonova hamda muzeyning faxriy xodimi, general-leytenant Tohir Mirzayev talabalarga hamrohlik qildilar. Mutaxassislar ishtirokchilarga turli davrlarga oid nodir hujjatlar, arxiv materiallari va tarixiy eksponatlarning mazmun-mohiyati haqida atroflicha ma’lumot berdilar.

Hozirda muzey fondida 5 mingga yaqin nodir arxiv hujjatlari, 7 ming banddan ortiq foto va videomateriallar, 2 mingga yaqin tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan noyob eksponatlar jamlangan.

Muzeyning 7 ta tematik bo‘limi va 36 ta asosiy ekspozisiya stendi orqali Markaziy Osiyo hududida davlatchilik asoslari shakllanishidan tortib, zamonaviy prokuratura tizimigacha bo‘lgan tarixiy bosqichlar izchil yoritilgan. Ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston prokuraturasi faoliyati” bo‘limida so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar va sohadagi institusional yangilanishlar talabalarda alohida qiziqish uyg‘otdi.

Oʻzbekiston Milliy universiteti yoshlari uchun bunday maskanlarga tashrif buyurish nafaqat tarixiy bilimlarni boyitish, balki sohaviy yo‘nalishlarda nazariy bilimlarni amaliyot bilan bog‘lash imkonini beradi. Muzeyning Toshkent shahri markazida joylashganligi va ekspozitsiyalarning tizimli tashkil etilgani uni talabalar va ilmiy izlanuvchilar uchun qulay madaniyat va ma’rifat maskaniga aylantirgan.