
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq va samimiy muloqoti nafaqat yoshlarga katta imtiyoz va qulayliklarni taqdim etgan, balki mamlakatimiz ta’lim tizimi, xususan oliy ta’lim muassasalari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydigan tarixiy voqea bo‘ldi.
Muloqotda davlatimiz rahbari yurtimizdagi 22 milliondan ortiq yoshlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayotdagi o‘rni va salohiyatini alohida ta’kidladi. Har yili 600 ming nafar yosh mehnat bozoriga kirib kelayotgani, yaqin yillarda bu ko‘rsatkich 1 million nafarga yetishi prognoz qilinayotgani sharoitida ta’lim tizimining natijadorligi eng dolzarb masalaga aylanayotgani qayd etildi.

Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga qaratilgan qat’iy talab – bitiruvchining nafaqat diplom, balki munosib ish o‘rni va barqaror daromadga ega bo‘lishi zarurligi haqidagi fikr barcha rektorlar uchun jiddiy mas’uliyat mezonini belgilab berdi. Bu talabni biz tizimni yanada takomillashtirishga qaratilgan aniq vazifa va ishonch ifodasi sifatida qabul qilamiz.
O‘zbekiston Milliy universiteti uchun bu muloqot chuqur tahlil va yangicha yondashuv bosqichining boshlanishidir. Bugun oliy ta’lim muassasasi faqat bilim beruvchi maskan bo‘lib qolmasligi, balki talabaning kasbiy kompetensiyasi, amaliy ko‘nikmasi va mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini ta’minlaydigan muhitga aylanishi shart.
Shu ma’noda, yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikka qiziqish yuqori ekani, “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturini yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surilgani oliy ta’lim oldida yangi ufqlarni ochadi. Universitetimizda ham talabalarning startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, biznes ko‘nikmalarini shakllantirish, amaliyot bazalarini kengaytirish va ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab olinadi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, birorta yigit-qiz e’tiborsiz qolmasligi kerak. Bu tamoyil universitetimiz faoliyatida ham bosh mezon bo‘ladi. Har bir talabaning qiziqishi, salohiyati va kelajak rejasini inobatga olgan holda individual yondashuv mexanizmlari kuchaytiriladi.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan ochiq va talabchan muloqot barchamiz uchun mas’uliyatni yanada teran his etishga chorlovchi muhim signal bo‘ldi. O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi ushbu mas’uliyatni chuqur his etgan holda, ta’lim sifatini oshirish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash va yoshlarni zamonaviy bilim, raqamli texnologiyalar ko‘nikmalari hamda talab yuqori bo‘lgan kasb-hunar bilan qurollantirish borasida aniq chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Yoshlar – mamlakatimizning tayanchi va ertangi kuni. Ularning ishonchini oqlash, ularga real imkoniyat yaratish va natija uchun javob berish – bugungi kunning eng ustuvor vazifasidir.
Inom Madjidov,
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori