Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

Orol – mo‘jizalar makoni

"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida O‘zbekiston Milliy universitetining Ekologiya va Biologiya fakultetlarining magistrant va yosh tadqiqotchilari ayni vaqtda Mo‘ynoqda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. 2022-yil 14-mart kuni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov o‘quv-dala amaliyotiga kelgan universitetning 36 nafar magistrant-tadqiqotchilari va professor-o‘qituvchilari bilan O‘zMUning Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanidagi o‘quv-ilmiy tajriba maydonida uchrashdi. Uchrashuvda universitet rektori yosh tadqiqotchilar bilan ularning qiziqishlari, ilmiy ishlanmalari va dala amaliyotlari bo‘yicha suhbatlashdi. Shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Mo‘ynoq tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida fikr-mulohaza almashdi. Suhbat yakunida talabalar so‘roviga binoan ekspeditsiya ishtirokchilari mazkur ekspeditsiya davomida Orolning suvi bor hududi bo‘lmish Oqbo‘yin burnidagi tuproq mikroflorasini ham tadqiq etishlariga kelishib olindi. Maʼlumot o‘rnida aytish kerakki, bundan uch yil muqaddam O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Milliy universitetining tashabbuskor talaba-yoshlari “Orol va yoshlar” shiori ostida Qoraqalpog‘iston Respublikasining eng chekka hududlaridan biri bo‘lgan Mo‘ynoq tumanining Shag‘rli ovulida 2 gektar maydonda ilmiy-tadqiqot o‘tkaziladigan ekologik bog‘ barpo etishgan. Mazkur bog‘ bugun o‘z ichiga 15 tur va navdan iborat bo‘lgan, 1500 dan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari, tuproqni eroziyadan saqlovchi o‘simliklar plantatsiyasidan tashkil topgan O‘zMUning o‘quv-ilmiy poligoni deb yuritiladi.

O‘zMU Axborot xizmati