O‘zMU va Dallasdagi Texas universiteti o‘rtasida akademik hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Bugun, 13-oktabr kuni O‘zbekiston Milliy universitetida AQSHning Dallasdagi Texas universiteti (The University of Texas at Dallas) San’at, gumanitar fanlar va texnologiyalar maktabi dekani, professor Nils Roemer hamda universitet professori, tarjimon va shoir Jeke Marinay ishtirokida xalqaro uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv doirasida professor Nils Roemer tomonidan “Dekanlik faoliyati: imkoniyatlar va to‘siqlar” mavzusida ma’ruza-taqdimot o‘tkazildi. Unda oliy ta’lim muassasalarida fakultetlar faoliyatini samarali boshqarish, ta’lim sifatini oshirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish hamda akademik boshqaruvda ilg‘or xorijiy tajribalarni qo‘llash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuv davomida O‘zbekiston Milliy universitetining Xorijiy filologiya fakulteti va Dallasdagi Texas universiteti o‘rtasida akademik almashinuvni kengaytirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, tarjimashunoslik, adabiyotshunoslik va raqamli gumanitar fanlar yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur uchrashuv universitetlar o‘rtasidagi xalqaro ilmiy-akademik aloqalarni mustahkamlash, xorijiy tajribani o‘rganish hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etdi.