Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

O‘zbekiston Milliy universiteti axborot xizmatining rasmiy munosabati

Bugun kun.uz saytida “O‘zMUda bahosi “million dollar” turishi aytilayotgan kitoblar yo'qolgan. Rektorat izoh berishdan qochyapti”- sarlavhali maqolada keltirilgan holatlar bo‘yicha O‘zMUda universitet rahbariyati, kun.uz sayti, shuningdek, “Yoshlar” va “Sevimli” telekanallari muxbirlari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumanida kun.uz sayti tomonidan eʼlon qilingan ayrim maʼlumotlar asossiz ekanligi aytildi. Universitet tomonidan rasman tasdiqlanmagan mazkur maʼlumotlar ishga masʼul bo‘lmagan shaxslardan olingani, axborot manbasi ham mutaxassis manbashunos emas, balki kimyogar ekanligi taʼkidlab o‘tildi. Taklif etilgan mutaxassis ekspertlar maqolada keltirilgan va “yo'qolgan” deb iddao qilingan “manbalar”ning borligi va ular aslida birinchi nusxa emas, balki qo‘lyozmaning ko‘chirma nusxalari bo‘lib, ayni vaqtda tadqiqotchilarning izlanish manbasi sifatida ochiq fondda saqlanayotgan adabiyotlar ekanligini tasdiqlagani maʼlum qilindi.
O‘zMU ilmiy jamoasi va professor-o‘qituvchilari bunday isbotlanmagan, tasdiqlanmagan, ishchi guruh tomonidan o‘rganish ishlari yakunlanmagan oraliq mavzularni trendga chiqarish universitetning keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyat eʼtiboridagi nufuziga putur yetkazish va bunday xatti-harakatlar Universitetga nisbatan hurmatsizlik deb hisoblaydi.
O‘zMU Axborot xizmati va rahbariyati doimo har qanday masalada ochiq, konstruktiv muloqot olib borishga va hamkorlikda ishlashga tayyor ekanligini bildiradi.

O‘zMU Axborot xizmati