O‘zbekiston Milliy universiteti “Forishga sayohat qil!” shiori ostida IV xalqaro talabalar forumini o‘tkazdi

Joriy yilning 9–10-oktabr kunlari Jizzax viloyati Forish tumanida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan “Forishga sayohat qil!” shiori ostida IV xalqaro talabalar forumi o‘tkazildi. Forum ishtirokchilari hududning tarixiy obidalari, tabiiy maskanlari va madaniy merosi bilan tanishib, etnoturizmni rivojlantirishga oid nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar.

Forumning asosiy tadbirlari Uxum turizm qishlog‘i va Hayot turizm mahallasida tashkil etildi. Uxumda kafedra dotsenti A. Bababekov “Jizzax vohasi turizm obyektlari nomoddiy madaniy merosining ilmiy-ma’rifiy ahamiyati” mavzusida seminar-trening o‘tkazdi. Unda turizm sohasi vakillari, jumladan, “Ixtiyor guesthouse”, “Firdavs guesthouse»”turizm mehmonxonalari xodimlari, Forish tumani “Bog‘don” folklari ansambli vakillari, mahalla yoshlar yetakchilari hamda xorijiy sayyohlar ishtirok etdi.

Hayot turizm qishlog‘ida esa kafedra dotsenti D. Normurdov ishtirokchilar uchun “Ko‘hna Turon” uy muzeyidagi arxeologik topilmalar mavzusida o‘quv mashg‘uloti tashkil etdi. Forum dasturidan o‘zbek, qozoq, turkman va tojik xalqlarining madaniy merosini namoyon etuvchi lapar va maqom ijrolari ham o‘rin oldi.