Joriy yilning 5–6-iyun kunlari O‘zbekiston Milliy universiteti tashabbusi bilan Jizzax viloyatining Zomin tumanida “Yoshlar va etnoturizm” shiori ostida III xalqaro talaba-yoshlar Zomin forumi tashkil etildi.
Forum doirasida ishtirokchilar Zomin tarixiy muzeyiga tashrif buyurib, hududning boy madaniy va tarixiy merosi bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, ziyorat turizmi yo‘nalishida Zomin tumanidagi Ona haykali majmuasiga tashrif amalga oshirildi.
Forumning asosiy tadbirlari Zomin tumanidagi mahallalar, Zomin madaniy meros va turizm texnikumi hamda qator turistik obyektlarda tashkil etildi. Tadbirlar davomida O‘zbekiston Milliy universitetining ta’lim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslari ilgari surildi.
Xususan, Zomin madaniy meros va turizm texnikumida “O‘zMU Turizm laboratoriyasi”ni tashkil etish, texnikum bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yozgi ta’til davrida Zomin tumanidagi turistik maskanlar negizida talabalar uchun yozgi lagerlar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bundan tashqari, hududning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida amaliy loyihalar hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Forum doirasida Zomin tumani Mustaqillik mahalla fuqarolar yig‘inida turizm va servis sohasi vakillari, umumiy ovqatlanish korxonalari mutaxassislari ishtirokida “Zomindagi turistik obyektlarda mehmonxona servisi va gastroturizm istiqbollari” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. Unda hududda turistik xizmatlar sifatini oshirish, mehmonxona servislarini takomillashtirish hamda gastroturizm imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, forum yakunlari bo‘yicha Zomin tumani hokimligi va tegishli mutasaddilar bilan hamkorlikda hududning turistik resurslarini chuqur o‘rganish, yangi yo‘nalishlarni aniqlash maqsadida etnografik tadqiqotlar hamda arxeologik ekspeditsiyalarni tashkil etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Mazkur forum O‘zbekiston Milliy universitetining turizm sohasida ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish, yoshlarning etnoturizmga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda Zomin tumanining turistik salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslaridan biri bo‘ldi.
