Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Intellektual mulk huquqi rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari: nazariya va amaliyot” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Ushbu anjuman intellektual mulk huquqi sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, tajriba va bilim almashish, qonunchilikni takomillashtirish borasida takliflar ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi. Tadbir doirasida nafaqat yurtimiz, balki xalqaro miqyosdagi ilg‘or fikrlar va amaliy tajribalar bir joyga jamlandi.
Konferensiyada O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari, mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va tegishli tashkilotlar vakillari, ilmiy tadqiqotchilar, doktorantlar, amaliyotchi yuristlar, shuningdek, Shvetsiya, Polsha, Belarus, Qirg‘iziston va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar va olimlar ishtirok etdilar.
Konferensiya yakunida ishtirokchilarning ilmiy maqolalari to‘plam holida nashr etilishi belgilandi. Shuningdek, anjuman qaroriga muvofiq, intellektual mulk huquqi sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha tegishli idoralarga aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ushbu konferensiya intellektual mulk huquqining dolzarb muammolarini o‘rganish, xalqaro tajribani o‘zlashtirish, ilmiy va amaliy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, qonunchilikni zamon talablari asosida takomillashtirishga xizmat qiladi. Bu esa O‘zbekistonda ilmiy-ijodiy muhitni rivojlantirish, ixtirolar va innovatsiyalarni huquqiy jihatdan himoya qilishga keng yo‘l ochadi.
O‘zMU Axborot xizmati