O‘zbekiston Milliy universitetida “Markaziy Osiyo strateg universitariumi” o‘tkazildi

Bugun, 4-noyabr kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida «Strategiyalash nazariyasi va amaliyoti» IX Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi doirasida «Markaziy Osiyo strateg universitariumi» nufuzli xalqaro ilmiy sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Anjuman O‘zbekiston Milliy universiteti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University), M. V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti (MDU) Moskva iqtisodiyot maktabi hamda Murakkab tizimlarni matematik tadqiq etish instituti Strategik tadqiqotlar markazi hamkorligida tashkil etildi.

Mazkur ilmiy muloqot maydonida O‘zbekiston, Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Xitoy va boshqa mamlakatlarning yetakchi strateg olimlari, davlat organlari rahbarlari, ekspertlar hamda yosh tadqiqotchilar jamlandi.

O‘zbekiston Milliy universitetida o‘tkazilgan birinchi kunning ochilish marosimi va «Markaziy Osiyo mintaqasini strategiyalash nazariyasi va amaliyoti» mavzusidagi yalpi majlisini O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Inom Madjidov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Yalpi majlisda davlat va ilmiy muassasalar mutasaddilari ishtirok etdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori Dmitriy Li, «Green University» rektori Baxtiyor Po‘latov va boshqalarning qutlovlari ishtirokchilarga yetkazildi.

Yalpi majlisning asosiy ma’ruzasi strategiya fanining xalqaro miqyosdagi asoschilaridan biri — Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Vladimir Lvovich Kvint tomonidan taqdim etildi. Shuningdek, MDU professori Irina Novikova, O‘zMU «Davlat va korporativ strategiyalar» kafedrasi mudiri Avazbek Sadikov, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti bosh ilmiy xodimi Sergey Chepel hamda O‘zMU professor-o‘qituvchilari o‘zlarining konseptual ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Majlis doirasida strategiya fani bo‘yicha muhim nashrlar — «Strateg kutubxonasi», «Kuzbass strategiyasi», «Rossiya Uzoq Sharqi strategiyasi», «Iqtisodiy va moliyaviy strategiya» turkumlaridagi kitoblar hamda ixtisoslashgan ilmiy jurnallar taqdimoti o‘tkazildi.

Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakultetida «Markaziy Osiyoda mintaqaviy strategiyalash: amaliy tashabbuslar» (1-sho‘ba) mavzusida qizg‘in munozaralar bo‘lib o‘tdi.

Shu bilan birga, birinchi kun dasturi doirasida Toshkentdagi «Green University» maydonida mintaqaning ekologik xavfsizligi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, inson salohiyati va ekologik madaniyatni strategiyalash masalalariga bag‘ishlangan parallel sho‘ba yig‘ilishlari tashkil etildi.

 Xalqaro konferensiya ishi ertaga, 5-noyabr kuni Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida davom etadi.