Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zbekiston Milliy universitetida “Millatlar birligi” festivali bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Milliy universitetida Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan talaba yoshlarning do‘stligi, birligi va madaniy xilma-xilligini namoyon etuvchi an’anaviy “Millatlar birligi” festivali bo‘lib o‘tdi. Tadbirda universitetda tahsil olayotgan turli millat vakillari o‘z madaniyati, an’analari va san’atini namoyish etdilar.

Festival doirasida turli millat vakillarining milliy liboslari, kuy-qo‘shiqlari va raqslari namoyish qilindi. Talabalar o‘z xalqlariga xos san’at, madaniyat va urf-odatlarni sahnada jonli ravishda taqdim etdilar.

Shu bilan birga arqon tortish, tosh ko‘tarish kabi milliy sport bellashuvlari ham tashkil etildi. Musobaqalar ishtirokchilarining shijoati va jamoaviy ruhi tadbirga alohida ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Sahnada o‘tkazilgan konsert dasturida har bir millat vakillari o‘ziga xos chiqishlari bilan ishtirok etib, universitetdagi madaniy rang-baranglik va o‘zaro hurmat muhitini yana bir bor namoyon etdilar.

Festival yakunida talabalar do‘stlik, totuvlik va birdamlik g‘oyalarini yuqori ruhda aks ettirdilar. “Millatlar birligi” tadbiri yana bir bor universitetdagi katta oila ruhini, turli millat vakillarining bir maqsad yo‘lida birlashganini namoyon etdi.