O‘zbekiston Milliy universitetida navbatdagi «Karyera kuni» Mehnat Yarmarkasi o‘tkazildi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida 2022-yilning 29-aprel kuni navbatdagi «Karyera kuni» Mehnat Yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.


Tadbirni o‘tkazishdan maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022-yil 4-martda o‘tkazilgan “Oliy taʼlim muassasalari talabalari bandligini taʼminlash orqali ularning turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarning ijrosini taʼminlash hamda universitet talabalariga darsdan bo‘sh vaqtlarida ish bilan bandligini taʼminlashga ko‘maklashishdan iborat.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aynan taʼlim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Zero, mamlakat kelajagi, barcha sohalar va loyihalar muvaffaqiyati bilimli zamonaviy fikrlaydigan, o‘z sohasining ustalari bo‘lgan kadrlarga bog‘liq. «Karyera kuni» axborot-tanishtiruv tadbiri davomida ish beruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan o‘n mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. O‘z navbatida respublika, viloyatlar, shahar va tumanlar darajasidagi 100 ga yaqin ish beruvchi tashkilot, muassasa, korxonalar va yirik tadbirkorlik subyektlari vakillari o‘zlarining tashkiloti haqida ko‘rgazmali hamda tarqatma materiallarini yosh kadrlarga havola etdi.
Bugungi tadbirda universitetda tahsil olayotgan ishga joylashishga ehtiyoji mavjud jami 2000 dan ortiq talaba ishtirok etdi.
Maʼlumot o'rnida aytish joizki, bunday mehnat yarmarkalari universitetda mart oyidan buyon uchinchi marotaba tashkil qilinmoqda. Shu kunga qadar universitetda o‘tkazilgan bunday yarmarkalar natijasida 1500 dan ortiq talaba o‘zlariga munosib ish o‘rinlarini topishdi. Bugungi mehnat yarmarkasi natijasida 400 dan ortiq talabalarning ishga joylashishlari kutilmoqda.




O’zMU Axborot xizmati