Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

O‘zbekiston Milliy universitetida shaxmat bo‘yicha jahon chempioni tahsil oladi

Oldin xabar berganimizdek, joriy yilning 17-20-dekabr kunlari Toshkent shahrida OTM talabalari o‘rtasida respublika Intellektual olimpiasi o‘tkazildi. Unda O’zbekiston Milliy universiteti umumjamoa hisobida 3-o’rinni egallab, Prezident sovg’asi — 1 mlrd so’m pul mukofoti bilan taqdirlangan edi.

Mazkur Intellektual olimpia doirasida ayollar o‘rtasida bo’lib o’tgan shaxmat bahslarida universitetimiz sharafini himoya qilgan Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakulteti talabasi, rapid va blits yoʻnalishlarida oʻsmirlar oʻrtasida jahon chempioni Umida Omonova 500 ochko jamg‘arib faxrli 1-o’rinni qo’lga kiritdi hamda 30 mln so’m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Ta’kidlash o‘rinliki, Umida Omonovaning ushbu g‘alabasi universitetimizning umumjamoa hisobida 3-o‘rinni qo‘lga kiritishiga ta’sir ko‘rsatdi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Omonova Umida Shuhrat qizi taniqli oʻzbek shaxmatchisidir. Bolalar va oʻsmirlar, maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻz yosh toifasida 10 karra Oʻzbekiston chempioni. 2016-yildan Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi aʼzosi. Osiyo miqyosidagi qator shaxmat chempionatlari va butunjahon shaxmat olimpiadasi gʻolibasi. FIDE sport ustasi unvoni sohibasi (2019). Oʻzbekiston tarixida ushbu unvonni qoʻlga kiritgan eng yosh ayol master. Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori (2021). Rapid va blits yoʻnalishlarida oʻsmirlar oʻrtasida jahon chempioni (2022). Hozirda Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasining Xalqaro shaxmat akademiyasi sportchi-oʻquvchisi.

O’zMU Axborot xizmati