Shu yilning 12-iyun kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti delegatsiyasi Qirg‘iziston Milliy universitetida bo‘lib, rektor, professor Dog‘durbek Chontoyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Vakillarimiz, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Shuhrat Toshmatov hamda Uslubiy ta’minlash va ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha prorektor Ravshan Musurmanov QMU rektori bilan samimiy muloqot qilib, hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashishdi.
Ertasiga, 13-iyun kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston Milliy universitetlari oliy ta’lim sohasida hamkorlik qilishga rasman kelishib oldi. Uchrashuv doirasida ikki mamlakat talabalari uchun qo‘shma ikki tomonlama diplom dasturlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Bitim «Dasturiy muhandislik», «Psixologiya» shuningdek, «Filologiya (o‘zbek tili)» bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Memorandum O‘zbekiston Milliy universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shuhrat Toshmatov hamda Qirg’iz Milliy universiteti birinchi prorektori Alaybek Shamshiyev tomonidan imzolandi.
O‘zMU Axborot xizmati
