Bugun, O‘zbekiston Milliy universitetining mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi tarixidagi ilk natijani qayd etib, jahoning top–1000 universitetlari qatoridan o‘rin egallagani munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
Unda nufuzli mehmonlar, fan va jamoat arboblari, turli vazirlik va idoralar mas’ullari, universitet jamoasi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tabdirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov, O‘zMU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shuhrat Toshmatov, xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Shirinova, Biologiya fakulteti dekani To‘xtasin Abdurahmonov, shuningdek, universitet professorlari Mersaid Aripov, Bakridin Zaripov, Laziza Gafurova hamda boshqa olimlarning tabrik so‘zlari tinglandi.
Kuni kecha xalqaro ta’lim tizimidagi nufuzli tahliliy agentlik QS World University Rankings 2025-yilda dunyoning eng nufuzli universitetlari reytingini e’lon qildi. Mazkur reytingda O‘zbekiston Milliy universiteti 781-790-o‘rinlarni egallab, jahonda TOP-1000 universitetlar safidan joy oldi.
O‘zMU “xorijiy o‘qituvchilar ulushi” bo‘yicha Markaziy Osiyoda ikkinchi, dunyo universitetlar orasida 200 talik o‘rinni egalladi. Shuningdek, “akademik obro‘” ko‘rsatkichi bo‘yicha 347-o‘rin, “ish beruvchilar obro‘si” bo‘yicha 540-o‘rin, “bitiruvchilar muvaffaqiyati” indikatorlari bo‘yicha 559-o‘rinlarni qayd etdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Milliy universiteti dunyoning qator xalqaro reytinglarida nufuzli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Jumladan, WURI 101-200 o‘rin (Dunyoning innovasion universitetlari reytingi), QS Osiyo mintaqaviy reytingi 301-o‘rin, QS by Subject 451-o‘rin (Matematika fani), THE Impact rankings +1001-o‘rin (Barqaror rivojlanish reytingi).
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti besh yil avval dunyoning TOP 1000 universitetlari qatoridan joy olish bo‘yicha o‘zining strategiyasini belgilab oldi. O‘tgan vaqt ichida, ilmiy maqolalarning chop etilishi, jurnallarda iqtiboslik natijalari, umuman dunyo olimlari orasida tanilishi hamda xorijiy talabalarning universitet o‘quv jarayoniga jalb qilish kabi katta miqyosdagi amaliy ishlarni olib borishi o‘laroq besh yil o‘tib o‘z samarasini berdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Milliy universiteti kelgusida xalqaro reytingda TOP-500 universitetlar qatoridan o‘rin egallash uchun o‘z strategiyasini belgilab olgan.
O’zMU Axborot xizmati