Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

O`zMU professori, olimasi portretiga bir chizgi

2022-yilning 25-26 mart kunlari Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti “Falsafa va ma’naviyat asoslari” kafedrasi, Boku Davlat universiteti, Dog`iston Davlat universiteti, Tojik Milliy universiteti, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjonning O`zbekistondagi Madaniyat markazi, O`zbekiston — Ozarbayjon Do`stlik jamiyati va O`zbekiston Falsafa jamiyati  bilan hamkorlikda “Yevroosiyo makonida ta’lim va tarbiya mutanosibligini ta’minlash istiqbollari” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o`tkazildi.
Mazkur konferensiya O`zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti “Falsafa va ma’naviyat asoslari” kafedrasi mudiri, f.f.d., professor Niginaxon Arslonovna Shermuxamedovaning 60 yillik yubiley yoshi, pedagogik va ilmiy faoliyatining 40 yilligiga bag`ishlanib, unda universitet soha prorektorlari, universitet professor-olimlari, Dog`iston Respublikasi, Checheniston Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Qirg`iziston Respublikasi, Boshqirdiston Respublikasi, Ukraina Respublikasi hamda Tojikiston Respublikasi professor-olimlari ishtirok etdi.
Konferensiya o`z ishini boshlashdan avval: “2022-yil 2-martda mustaqil O`zbekiston Birlashgan Millatlar tashkilotiga a’zo bo`lganiga 30 yil to`ldi. 30 yil davomida O`zbekiston xalqi ozod va obod vatan, erkin va farovon hayotga erishish uchun keng qamrovli, chuqur islohotlar olib bordi. Hozirgi kunda “Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari” bosh g`oyasi asosida yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish, “Uchinchi Renessans” poydevorini qo`yish, milliy yo`naltirilgan ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish yo`lida buyuk bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

  • Shu islohotlarning bir yo`nalishi sifatida, bugun “Yevroosiyo makonida ta’lim va tarbiya tizimini takomillashtirish istiqbollari” mavzusida o`tkaziladigan xalqaro konferensiyada yangi O`zbekistondagi ta’lim tizimi islohotlarining natijalari va ularni takomillashtirish bo`yicha olimlarning muloqoti tashkil etiladi. Shuningdek, ushbu konferensiyada mening 60 yillik umrim, 40 yillik mehnatim, pedagog, olim va ustoz sifatidagi faoliyatim natijalari sarhisob etiladi va kelajak istiqbollari belgilanadi. Bu yangi O`zbekistonda inson mehnati qadrlanayotgani, uning sha’ni ulug`lanayotganidan dalolat ekanligi bilan g`ururlanaman”— deydi Niginaxon Shermuxamedova.

Konferensiyada olima ayol uchun universitet rektorining tabriknomasi o'qib eshittirildi hamda universitet rektorining faxriy yorlig`i, yubiley tabrigi va Kasaba uyushma qo'mitasining esdalik sovg'alari topshirildi.
Shuningdek, konferensiya davomida O`zMU professori Niginaxon Shermuxamedova haqida xorijiy va respublika olimlarining samimiy qaynoq fikrlari, universitet jamoasi va shogirdlarning tabriklari, esdalik sovg'alari berildi.
Konferensiya yalpi majlisining birinchi qismida Dog`iston Respublikasidan tashrif buyurgan Dog`iston Davlat universiteti “Ontologiya va bilish nazariyasi” kafedrasi mudiri, falsafa fanlari doktori, YUNESKO professori Bilalov Mustafa Isayevichning “Ta’lim falsafasining yangi metodologiyasi”, Checheniston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi Akayev Vaxidning “Hozirgi zamonda xalqlarning madaniy sivilizatsion rivojlanishida ta’lim va tarbiyaning ahamiyati”, Ozarbayjon Respublikasidan tashrif buyurgan Ijtimoiy tadqiqotlar departamenti mudiri va boshqaruv a’zosi, f.fd., professor Allaxyarova Taxiraning “Ta’lim ijtimoiy institut va hozirgi davr innovatsion taraqqiyotining strategik omili”, Boshqirdiston huquq universiteti xalqaro munosabatlar boshqarmasi direktori o`rinbosari, Boshqirddiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan yurist, yuridik falari doktori, professor Nigmatullin Rishat Vahidovichning “Ta’lim sohasida davlatlararo hamkorlik — xalqlar do`stligini takomillashtirish omili”, O`sh davlati professori Sharipova Erkayimning “Ta’lim falsafasini rivojlantirish istiqbollari”, Kiyev Milliy aviatsiya universiteti huzuridagi ta’limni rivojlantirish o`quv ilmiy boshqarmasi direktori o`rinbosari, iqtisod fanlari bo`yicha falsafa doktori (PhD) Laxtionova Lyudmilaning “Masofaviy ta’lim va uning xalqaro ijtimoiy hamkorlikni tashkil etishdagi roli”, Tojik Milliy universiteti Falsafa fakulteti dekani, falsafa fanlari doktori Maxmadizoda Nozimning “Mustaqillik yillarida Tojikiston Respublikasida ta’lim tizimi islohotlarining samaralari”, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi professori To`rayev Baxtiyorning Omonovich “O`zbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasi yo`nalishlarining ijtimoiy ahamiyati” mavzuidagi ma’ruzalari tinglandi.
Konferensiya quyidagi 5 sho`ba asosida olib borildi:

  • Ta’lim falsafasi va metodologiyasi;
  • Masofaviy ta’limni rivojlantirishning ijtimoiy hamkorlikni tashkil etishdagi roli;
  • Ta’lim va tarbiya — madaniyatlar dialogi omili;
  • Jamiyat taraqqiyotida ta’lim va tarbiyaning ahamiyati;
  • Talabalarning ijtimoiy faolligini ta’minlashda ta’lim va tarbiyaning roli.

Yalpi majlisining ikkinchi qismida f.f.d., professor Niginaxon Arslonovna Shermuxamedovaning ilmiy-ijodiy faoliyatining taqdimoti haqidagi video rolik havola etildi.
“Niginaxon Arslonovna Shermuxamedova bizga ustoz sifatida qadrli. Chunki olima nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun dunyoda taniqli faylasuflardan, falsafa ilmi metodologiyasining zabardast olimalaridan biri hisoblanadi. O`zbekistonda falsafa ilmining rivojlanishida katta hissa qo`shib kelayotgan olimadir. Bir necha xoriiy doktorlik dissertatsiyalarga apponent sifatida qatnashib, taqrizlarini jo`natib turibdi. Bundan tashqari, olimaning faoliyati juda serqirra, olima, pedagog, falsafa fani bilimdoni, bir necha davlat mukofotlari sohibasi. Olima 30 dan ortiq ilmiy darsliklar, 17-20 dan ortiq monografiyalar yozgan, 300 dan ortiq ilmiy maqolalari dunyo jurnallarida chop etilgan. Olimaning ilmiy pedagogik faoliyati ifoda etgan satrlarni ko`rib, haqiqatdan ham inson hayratda qoladi. Bugungi o`sib kelayotgan barcha yoshlarimiz uchun, xususan, ilm yo`lida faoliyat ko`rsatayotgan yangi yoshlarimiz uchun bir ibrat namunasi hisoblanadi.”— deydi Bobojon G`afurov nomidagi Xo`jand Davlat universiteti dotsenti Ravshan Usanov

O`zMU Axborot xizmati