Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

O‘zMU rektorining bayram tabrigi

Aziz hamkasblar, muhtaram ota-onalar, talabalarim!

Barchangizni - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 28 yilligi -ulug‘ va qutlug‘ bayramimiz bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Yurt ravnaqi, davlatning barqaror rivoji, xalqfarovonligi, har bir fuqaroning huquqi, erkinligining poydevori- shu mamlakatning bosh Qomusi hisoblanadi.

Konstitutsiyamiz inson huquq va manfaatlari, xalqimizning hohish va irodasi, davlatimiz tuzilishini o‘zida mujassam etgan.

Konstitutsiyamiz tamoyillari asosida keng ko‘lamli, xalqimiz farovonligi yo‘lida tizimli ishlarni amalga oshirilyapti. Yakunlanayotgan yilda jahon hamjamiyati tomonidan ham demokratik islohotlarni amalga oshirishdagi tizimli va izchil harkatlarimiz, inson huquqi va manfaatlari, hayot farovonligi yo‘lidagiislohotlarimiz e’tirof etildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida O‘zbekiston tomonidan kun tartibiga qo‘yilgan mintaqaviy va global masalalar, aniq va dolzarb takliflar xalqaro hamjamiyat tomonidan xayrihohlik bilan kutib olindi. Bu tashkilotning asosiy organlaridan biri bo‘lgan Inson huquqlari kengashiga a’zo bo‘lishimiz ham ochiq dunyo sari tashlagan qadamlarimiz natijasi bo‘ldi.

Bugungi kunga kelib, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish, kuchli ijtimoiy himoya, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy infratuzilmalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, sud-huquq tizimidagi chuqur islohotlarning barchasi bizning huquq va manfaatlarimiz sari tashlanayotgan dadil qadamlardir.

Ayniqsa, ta’lim tizimidagi islohotlar, yoshlar va xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor ham bunga yorqin misol bo‘la oladi. Gender siyosati doirasida xotin-qizlarimizning ijtimoiy-siyosiy mavqeini mutahkamlash bo‘yicha jadal ishlar davom ettirilmoqda.

Qizlarimiz uchun oliy ta’lim muassasalarida grant o‘rinlarining ajratilishi, xususan bizning universitetimizda ham qizlarimiz ular uchun ajratilgan grant joylarda tahsil olayotgani buning yaqqol misolidir. Kutilmagan sinov -pandemiya davrida har bir yoshning ta’lim olish huquqi borasida ham ta’lim tizimi oldiga dolzarb masalalar yechimini qo‘ydi. Qisqa fursatlar ichida onlayn tarzda ta’lim berish shakliga o‘tish, oliy ta’lim formatida tub burilish qilishni talab etdi. Elektron platformadan to‘laqonli foydalanish uchun professor-o‘qituvchilar fidoyilik bilan harakat qilishdi. Shu bilan birga ta’lim tizimimizda yechimini kutayotgan masalar juda ko‘p.

Bu yil pandemiya sabab, yurtimizda Konstitutsiyamizning bayram tantanalari keng miqiyosda o‘tkazilmayotgan bo‘lsada, bu sinovli kunlar barchamizning qalbimizga bayram shukuhi bo‘lib, shukronalik, sabr va oqibat, mehr rishtalarini mustahkamlashga sabab bo‘ldi. Mustahkam va zabardast davlat sifatida rivojlanishimiz poydevori bo‘lgan bosh Qomusimizni nishonlash bayrami xonadon, mahalla va jamoalarda, yurtimizning barcha go‘shalarida bo‘lib o‘tmoqda. Universitetimizning yoshlarini Konsititutsiya kuni munosabati bilan tayyorlagan badiiy chiqishlari, vertual olamda audio va videoroliklari, tabriklaridagi fikr-mulohazalari bizga quvonch baxsh etmoqda.

Fursatdan foydalanib, barchangizni qutlug‘ va ulug‘ ayyom kun- Konstitutsiyamizning qabul qilingan kuni munosabati bilan yana bir bor tabriklayman. Yurtimizga tinchlik, xonadonlaringizga fayz-baraka, mustahkam sog‘liq, xotirjamlik va ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman.

O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor

Avazjon Maraximov