Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

O‘zMU talabalari Mo‘ynoqdagi poligonda agrotexnika amaliyotini boshlashdi

Bundan roppa-rosa uch yil muqaddam O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Milliy universitetining tashabbuskor talaba-yoshlari “Orol va yoshlar” shiori ostida Qoraqalpog‘iston Respublikasining eng chekka hududlaridan biri bo‘lgan Mo‘ynoq tumanining Shag‘rli qishlog‘ida 2 gektar maydonda muhtasham ekologik bog‘ barpo etishgan edi.
Mazkur bog‘ bugun o‘z ichiga 15 tur va navdan iborat bo‘lgan, 1500 dan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari, tuproqni eroziyadan saqlovchi o‘simliklar plantatsiyasidan tashkil topgan O‘zMUning 1-o‘quv-ilmiy poligoni deb nomlangan.
Bugun erta tongdan Ekologiya va Biologiya fakultetlari talabalari va tadqiqotchi professor-o‘qituvchilaridan tashkil topgan “Yashil makon” umummilliy loyihasiga ko‘maklashuvchi o‘quv-ilmiy ekspeditsiya ishtirokchilari tomonidan ushbu ekologik poligon hududi begona o‘tlardan tozalanib, mevali va manzarali o‘simliklarga ishlov berildi. Yangi ko‘chatlar o‘tqazishdi. Qisqa qilib aytganda, agrotexnika amaliyotini boshlashdi.
"Mazkur O‘zbekiston Milliy universitetining o‘quv-ilmiy poligoni bundan uch yil oldin tashkil etilgan bo‘lsa, o‘tgan vaqt mobaynida doimiy ravishda tizimli mazkur hududda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi. Bu esa o‘z navbatida Orolni qutqarish borasida muayyan tajribalar orttirish, tuproqshunoslik ilmida yangiliklar yaratish imkoniyatini taqdim etdi. Bevosita uch yil oldin boshlangan ekspeditsiya mobaynida Orol va Orolbo‘yining o‘simliklar olami, hayvonot dunyosi, tuprog‘ining xossa xususiyatlari tadqiq etilib, tadqiqot natijalari bo‘yicha 3 nafar doktorlik dissertatsiyasi, 15 ta magistrlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilindi." — deydi professor To‘xtasin Abduraxmonov.
Suhbatdoshimiz Ekologiya fakulteti dekani Rustamjon Allaberdiyev esa mazkur ekspeditsiyaning yosh avlod ongida ekologik madaniyat shakllantirish va talabalarning amaliyoti haqida to‘xtalib shunday dedi: — "Uch yildan buyon har yili bir marotaba Toshkentdan Mo‘ynoqqa talabalar va tadqiqotchilarning ekspeditsiyasini tashkil etishdan maqsadimiz talabalarda nazariya va amaliyot uyg‘unligi ko‘nikmasini hosil qilish, shuningdek, talabalarni ilmiy faoliyatga yo‘naltirish, ilmdagi ustoz-shogirdlik an’analarini mustahkam zanjirini yaratishdan iborat. Bu esa o‘z navbatida mamlakatimizdagi boshqa soha vakillarida ham har bir ishda ilm-fanga tayanib ish yuritish, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash bo‘yicha namuna vazifasini o‘tamoqda."

O`zMU Axborot xizmati