O‘zMU talabalari Qoraqalpog‘istonda madaniy-ma’rifiy va ekologik tadbirlarni amalga oshirdi

O‘zbekiston Milliy universiteti talaba yoshlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat universiteti talabalari bilan qator hamkorlik tadbirlarini o‘tkazdi.

 

Jumladan, talabalar turar joyida yashovchi yoshlar ishtirokida “Munozara” hamda “Shaxmat-shashka” o‘yinlari tashkil etilib, ular orqali talabalarning intellektual salohiyatini oshirish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Qoraqalpog‘iston davlat universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan memorandum va aniq chora-tadbirlar rejasi imzolangan. Mazkur hamkorlik doirasida yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va sport yo‘nalishlarida turli madaniy-ma’rifiy, ekologik hamda sport tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, tashrif doirasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida daraxt ko‘chatlari ekish tadbiri ham tashkil etildi. Unda ikki oliy ta’lim muassasasi talaba yoshlari faol ishtirok etib, yashil hududlarni kengaytirish, ekologik muhitni yaxshilash hamda tabiatga mas’uliyatli munosabatni shakllantirishga o‘z hissalarini qo‘shdilar.

Tadbir davomida ekilgan daraxtlarni parvarish qilish va ularni asrab-avaylash bo‘yicha kelgusidagi rejalar ham belgilab olindi.

Bugungi kunda O‘zMU va QDU talaba yoshlari hamkorligi turli yo‘nalishlarda davom etmoqda va bunday tashabbuslar yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ular o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.