7-aprel kuni Birodar shaharlar alyansi tashabbusi bilan, O‘zbekiston Milliy universitetida buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Amir Temur merosi va zamonaviy shaharlar diplomatiyasi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-fevraldagi qarori ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etildi. Qarorga muvofiq, har yili aprel oyi mamlakatimizda “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilinib, buyuk ajdodimizning davlatchilik, harbiy san’at, ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini keng targ‘ib etish ustuvor vazifa etib belgilangan.

Davra suhbatida Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi, universitet rahbariyati, yetakchi professor-o‘qituvchilar, tarixchi olimlar, xalqaro munosabatlar sohasidagi mutaxassislar, do‘stlik jamiyatlari a’zolari, yosh tadqiqotchilar, iqtidorli talabalar, Toshkent shahridagi 169-sonli maktab o‘quvchilari hamda OAV vakillari faol ishtirok etdi. Tadbirni ochib berganlar tomonidan Amir Temur siymosi nafaqat tarixiy shaxs, balki bugungi kunda ham dolzarb bo‘lgan davlat boshqaruvi va diplomatiya maktabining asoschisi sifatida e’tirof etildi.

Tadbir davomida quyidagi yo‘nalishlarda ma’ruzalar va muhokamalar olib borildi:
- Amir Temurning markazlashgan davlat barpo etishdagi siyosiy konsepsiyalari;
- Amir Temur tashqi siyosati va xalqaro aloqalarni rivojlantirishdagi strategik yondashuvlari;
- Temuriylar davrida diplomatik elchilik institutining shakllanishi;
- zamonaviy xalq diplomatiyasida tarixiy merosdan foydalanish imkoniyatlari;
- shaharlar diplomatiyasi va birodar shaharlar hamkorligining ahamiyati.
So‘zga chiqqan mutaxassislar tomonidan Amir Temur davrida yo‘lga qo‘yilgan keng qamrovli diplomatik aloqalar jumladan, Yevropa va Osiyo davlatlari bilan olib borilgan elchilik munosabatlari bugungi globallashuv sharoitida xalqaro muloqot va o‘zaro ishonchni mustahkamlashda muhim tarixiy tajriba ekanini alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbirda Amir Temur saltanatida savdo yo‘llari, ayniqsa Buyuk Ipak yo‘li orqali amalga oshirilgan iqtisodiy va madaniy aloqalar bugungi mintaqalararo munosabatlar va shaharlar diplomatiyasining iqtisodiy asoslarini tushunishda muhim o‘rin tutishi qayd etildi. Bu esa zamonaviy shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda tarixiy merosdan samarali foydalanish zarurligini ko‘rsatadi.

Ma’ruzachilar tomonidan Amir Temur shaxsiga zamonaviy nigoh, uning liderlik fazilatlari, strategik tafakkuri va qat’iyati bugungi yoshlar uchun ibrat maktabi ekanligi haqida fikrlar bildirildi. Tadbir doirasida Amir Temur merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy loyihalarni kengaytirish, xalqaro konferensiyalar va talabalar almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, birodar shaharlar bilan madaniy va ma’rifiy hamkorligini mustahkamlash, yoshlar o‘rtasida tarixiy ong va fuqarolik mas’uliyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini kuchaytirish kabi takliflar ilgari surildi. Shu bilan birga, tadbir davomida Amir Temur va temuriylar davriga oid ilmiy adabiyotlar namoyish etildi.

Davra suhbatida maktab o‘quvchilari, talaba yoshlar ham faol ishtirok etdi. 169-maktab o‘quvchilari tomonidan chizilgan, Amir Temur siymosi aks etgan suratlar namoyish etildi hamda g’oliblar diplom va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi. Mazkur davra suhbati “Amir Temur oyligi” doirasidagi muhim ilmiy-ma’rifiy tadbirlardan biri sifatida yuksak saviyada tashkil etilib, unda ilgari surilgan g‘oyalar kelgusida amaliy tashabbuslarga aylanishi kutilmoqda.
O’zMU Axborot xizmati