7–8-aprel kunlari O‘zbekiston Milliy universiteti Fizika fakultetida “Fizika fanining rivojida iste’dodli yoshlarning o‘rni” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur konferensiya doirasida fizika fanining dolzarb masalalari, mavjud muammolar va ustuvor vazifalar, ularni hal etish yo‘llari hamda bu jarayonda yosh tadqiqotchilarning o‘rni keng muhokama qilinmoqda. Anjumanda O‘zMU hamda respublikamizning boshqa oliy ta’lim va ilmiy muassasalarida faoliyat yuritayotgan olimlar, yosh mutaxassislar, magistrantlar va talabalar 200 dan ortiq ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.

Konferensiyani O‘zMU Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor Y.S. Ergashov ochib berdi.
Yalpi majlisda O‘zFA Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti laboratoriya mudiri, professor U. Halilov “Selective Growth of Carbon Nanostructures: Insights from Computational Materials Science”, Janubiy Daniya universiteti professori M. Hojamberdiev “Green Hydrogen from Solar Water Splitting over BaTaO₂N”, shuningdek, O‘zMU Fizika fakulteti II bosqich magistranti M. Mirhaydarov “Observational accretion disk around ModMax black hole” mavzularida ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.
Konferensiya o‘z ishini quyidagi sho‘balar kesimida davom ettirmoqda: astronomiya, astrofizika va kosmik tadqiqotlar; nazariy fizika, atom yadrosi va elementar zarrachalar fizikasi; fizika o‘qitish metodikasi; optika va lazer fizikasi; yarimo‘tkazgichlar va polimerlar fizikasi hamda nanotexnologiyalar.