O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakultetida Tomsk davlat universiteti Tarix va siyosiy fanlar fakulteti dekani Janna Rojneva hamda kafedra mudiri S.M. Yun ishtirokida professor-o‘qituvchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganining navbatdagi amaliy ifodasi bo‘ldi.
Davra suhbatida o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilinib, muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, “Xalqaro munosabatlar tarixi” magistratura yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, istiqbolda “Raqamli meros va hujjatshunoslik” magistratura mutaxassisligini ochish bo‘yicha ham tomonlar o‘zaro kelishuvga erishdi.

Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbuslar ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, talabalarga xalqaro tajriba asosida bilim berish, shuningdek, raqamli texnologiyalar yordamida tarixiy merosni chuqur o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Qo‘shma dasturlar doirasida talabalar ikki universitet diplomini qo‘lga kiritish, xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallagan oliygoh ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishish, global akademik muhitda tajriba orttirish va zamonaviy ilmiy yo‘nalishlarda izlanish olib borish imkoniga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, joriy yilning 6–13 aprel kunlari davomida Tomsk davlat universiteti vakillari tomonidan O‘zMU Tarix fakultetida amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil etilmoqda. Xususan, dekan J.A. Rojneva “Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari” yo‘nalishi magistrantlari uchun paleografiya va matnshunoslik fanidan ma’ruza hamda seminarlar o‘tkazmoqda.

Bundan tashqari, “Arxivshunoslik va manbashunoslik” kafedrasi doirasida “Hujjatchilik, hujjatshunoslik va arxivshunoslik” yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturini tashkil etish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.