O‘zMUda 1000 o‘rinli yangi talabalar turar joyi binosi qurilishiga start berildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentyabrdagi 563-sonli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-maydagi 239-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari asosida O‘zbekiston Milliy universitetida jami 2000 o‘rinli 4 ta talabalar turar joyi binolari qurilishi rejalashtirilgan. Bugun TTJ qurilishi bo‘yicha e’lon qilingan tender asosida talabalar shaharchasida 1000 o‘rinli 12 qavatli barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy talabalar turar joyi binosi qurilishiga start berildi. Universitet rektori Inom Madjidov yangi talabalar turar joyi binosi quriladigan hududda bo‘lib, loyiha bilan tanishdi. Talabalar turar joyi binosining loyiha qiymati 86 mlrd 400 mln so‘mni tashkil etadi. Yotoqxonaning 1-2 qavatlari talabalarga servis xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashtiriladi. Bunda barcha turdagi maishiy xizmatlar, jumladan, Book kafe, kompyuter xizmati zallari, axborot-servis markazi va boshqa qulayliklar yaratiladi. Shuningdek, ushbu loyiha orqali 100 dan ortiq talabalarni ish bilan ta’minlash ham ko‘zda tutilgan. Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Milliy universitetida bugungi kunda 32.5 mingdan ortiq talabalar tahsil olmoqda. Shulardan 20 mingga yaqini kunduzgi shaklda ta’lim olib, 11 mingdan ortig‘ida talablar turar joyiga ehtiyoj mavjud. Universitetda 10 ta talabalar turar joyi binolari bo‘lib, ularda jami 5130 nafar talabalar istiqomat qiladi. Bu esa ehtiyojning o‘rtacha 40 foizga yaqinini tashkil etadi. Shu sababli ham avvalo ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.




O‘zMU Axborot xizmati