Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

O‘zMUda adiblar bilan uchrashuv o‘tkazildi

2024-yil 24-aprel kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida yozuvchi va shoirlar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. 

O‘zbekiston xalq yozuvchisi, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi Erkin A’zam, Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori, “Shuhrat” medali sohibi Olimjon Davlatov, shoir, yosh ijodkor Xurshid Abdurashid O‘zbekiston Milliy universitetida mehmon bo‘lib, talaba-yoshlar bilan uchrashishdi. 

Talabalarni kitob mutolaasiga jalb etish, badiiy savodxonlik darajasini oshirish orqali ularni vatanparvarlik va yurtimiz kelajagiga daxldorlik ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan mazkur uchrashuvni O‘zMU rektori Inom Madjidov kirish so‘zi bilan ochib berdi. 

Taklif etilgan mehmonlar kitobxonlikning kishi ma’naviy olamini kengaytirishdagi o‘rni va afzalliklari, yoshlarning dunyoqarashini rivojlantirishda adabiyotlarning tutgan ahamiyati haqida so‘z yuritib, ijod namunalaridan yig‘ilganlarni bahramand etishdi. 

Shundan so‘ng, mehmon ijodkorlar hamda talaba-yoshlar bilan qizg‘in muloqot olib borildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollari, takliflariga, javob, munosabat olishdi. 

O‘zMU Axborot xizmati