Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Qirg‘iz milliy universiteti bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda

Bugun, 27-fevral kuni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov Yusuf Bolasog‘un nomidagi Qirg‘iz milliy universiteti rektori Dogdurbek Chontoyev boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda Qirg‘iz Milliy universitetidan o‘quv boshqarmasi boshlig‘i Almaz Qidiraliyev, akademik mobillik, ta’lim eksporti bo‘limi boshlig‘i Saadat Shermatova, Qirg‘iz adabiyoti kafedrasi professori Sodiq Tillebayev, Davlat va jamiyat qurilishi fakulteti dekani Kunduzgul Bazakeyeva, Tarix va o‘lkashunoslik instituti direktori Turatbek Sirdibayev, Arxeologiya, etnologiya, manbashunoslik va tarixshunoslik kafedrasi professori Anisa Bikbulatovalar ishtirok etdi.

Ikki universitet o‘rtasidagi o‘quv, uslubiy, ilmiy, madaniy-ma’rifiy yo‘nalishlarda istiqbolli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, talabalar almashinuvi va xalqaro stajirovkalarni yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda ilmiy loyihalarni amalga oshirish, o‘quv va ilmiy adabiyotlar yaratish kabi masalalar muhokama etildi.

Rektor Dogdurbek Chontoyev O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasini oktyabr oyida reja qilinayotgan Qirg‘iz milliy universitetining 100 yillik yubileyiga taklif etdi.

Uchrashuv nihoyasida ikki universitet o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Tomonlar turli yo‘nalishlardagi hamkorlikni soha prorektorlari va tegishli mutaxassislar orqali bosqichma-bosqich amalga oshirishga kelishib oldilar.

   

 

O‘zMU Axborot xizmati