Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.

Rektor universitet “Zakovat” klubi jamoasi bilan uchrashdi

O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov OTM talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan Intellektual olimpiadada umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egallab, Prezident sovg‘asi — 1 mlrd so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritgan O‘zMU talabalari, universitet “Zakovat” klubi jamoasi bilan uchrashdi.

Dastlab rektor talabalarni muvaffaqiyatli ishtirok bilan tabriklab, ushbu natija universitet jamoasini quvontirganini ta’kidlab o‘tdi.

 

O‘z aqlu zakovatini namoyish qilib otaxon universitetimiz sharafini munosib himoya qilgan jamoa sardori, tarix fakulteti magistranti Sardor Abdusodiqov, Iqtisodiyot fakulteti talabasi Xadyatillo Sobirxo‘jayev, Xorijiy filologiya fakulteti talabalari Fayyoza Keldiyorova, Shoxamurbek Tojiboyev, Tarix fakulteti talabalari Umidjon Tursinboyev, Oybek Mirzoyusupov, Asilbek Muhammadiyev, Ijtimoiy fanlar fakulteti talabasi Behnur Do‘stmurodov, Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakulteti talabasi Umida Omonova, Kimyo fakulteti talabasi Shohjahon Xikmatullayevga muvaffaqiyat tiladi.

Shuningdek, Intellektual olimpiada doirasidagi shaxsiy o‘yinda g‘olib bo‘lib, shu yo‘nalishda universitetimizning yetakchi bo‘lishiga hissa qo‘shgan talabamiz, rapid va blits yo‘nalishlarida o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni Umida Omonovani e’tirof etib o‘tdi.

Shundan so‘ng, universitet rahbari talabalar bilan suhbatlashdi, ularning fikr va takliflarini tingladi. Jamoaning kelgusi o‘yinlarda mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritishi uchun barcha zarur imkoniyat va sharoitlarni yaratish, ularni kerakli moddiy-texnik jihozlar, ensiklopedik adabiyotlar bilan ta’minlash bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriq berdi.

O‘zMU Axborot xizmati