S.H.Sirojiddinov nomidagi akademik litseyi
Shergaziyev Baxrom Ungboyevich - Akademik litsey ijrochi direktori
100174 Toshkent shahar Olmazor tumani, Universitet ko’chasi 4-uy
Dushanba-Juma, 14:00 – 17:00
Tel: +998994449969
E-mail:
Tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan S.H.Sirojiddinov nomli akademik litsey, ijrochi direktor Shergaziyev Baxrom Ungboyevich
Litsey O'zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Sa'di Hasanovich Sirojiddinov tashabbusi bilan 1970-yil 25-sentabrda tashkil qilingan. Sirojiddinov Sadi Hasanovich (10.05.1920- 29.04.1988) Matematik olim, jamoat arbobi O'zbekiston FA akademigi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan fan arbobi, Fizika-matematika fanlari doktori, professor. 1937-yilda Toshkentda O'rta Osiyo universiteti Fizika-matematika fakultetini tugatgan. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, O'zbekiston FA Matematika institutida katta ilmiy xodim, Moskva universitetida katta ilmiy xodim, Toshkent Davlat universitetida Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika kafedrasi mudiri, O'zbekiston FA matematika instituti direktori, Toshkent Davlat universiteti rektori, O'zbekiston FA vitse-prezidenti, asosiy ilmiy ishlari ehtimollar nazariyasiga, matematik statistika va uning tatbiqlariga bag'ishlangan. S.H. Sirojiddinovning Markov zanjirlari uchun limit teoremalarini umumlashtirish va asosiy assimpitotik yoyilmalar sohasidagi tadqiqotlari 1950- yillarda Toshkent matematika maktabining yanada yuksalishiga olib keldi. Beruniy nomidagi O'zbekiston Davlat mukofoti laureati (1973-yil), "Buyuk xizmatlari uchun ordeni bilan mukofotlangan (2002-yil), Chig'atoy qabristoniga dafn etilgan.
O'zbekiston Milliy universiteti qoshidagi akademik litsey, Toshkentdagi ko'chalardan biri S.H.Sirojiddinov nomiga qo'yilgan. Uning dastlabki nomi «Respublika maxsus maktab-internati» deb atalgan. Bu dargohda dastlab fizika-matematika yo'nalishi mavjud bo'lgan. Ixtisoslashtirilgan bunday maktablar Sobiq Sovet Ittifoqi davrida beshta bo'lib, O'rta Osiyoda yagona maktab bo'lgan. 1990-yildan litseyga akademik S.H.Sirojiddinov nomi berilib, maktab-internat Toshkent davlat universiteti (Hozirgi Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti) qoshiga o'tkazildi. 1998-yil 24-fevralda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi litsey-internatga akademik litsey maqomini berish haqida qaror qabul qildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PQ49-10-sonli qarori qabul qilingandan so'ng litsey faoliyati yanada rivojlandi. Litseyning fidoiy o'qituvchilaridan 2003-yilda Aslanova Muhtaram Asqarovna "Shuhrat" medali, 2020-yilda O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan xalq ta'limi xodimi unvoni bilan, shuningdek 2020-yilda Jo'rayev Farhod Isroilovich, 2022-yilda Doniyorov Sodiq Xoliqovich "Shuhrat" medali bilan taqdirlandilar.
Bundan tashqari, litseyning 50 nafardan ortiq bitiruvchilari fan doktorlari, 400 nafardan ortigi fan nomzodi ilmiy darajalarini egallaganlar. Ular ta'lim, tibbiyot va boshqa sohalardagi ilmiy-ijodiy faoliyatlari bilan O'zbekiston sha'nini dunyoga tarqatmoqda.